Assalomu alaykum, ustozlar. Alloh uchun yaxshi ko‘rish va Alloh uchun yomon ko‘rish deganda nimani tushunamiz? Alloh uchun yaxshi ko‘rish tushunarli, lekin Alloh uchun bir kimsani yomon ko‘rish degani nima? Shunga bir hayotiy misol bilan tushuntirib bersangiz. Misol uchun, "men seni Alloh uchun yomon ko‘raman" deyish bilan odam gunohkor bo‘ladimi?
Vaalaykum assalom. Alloh uchun yaxshi ko‘rish – bu bir insonni dunyoviy manfaat, mol-mulk yoki shaxsiy aloqalar uchun emas, balki faqatgina uning iymoni, taqvosi va Allohga itoati uchun yaxshi ko‘rishdir. Alloh uchun yomon ko‘rish esa, shaxsiy adovat yoki nafsoniyatdan kelib chiqmaydi. Bu – insonning Allohga osiy bo‘layotgan gunoh ishlarini Alloh roziligi uchun yoqtirmaslikdir.
Masalan, agar bir musulmon birodaringiz doimiy ravishda bir gunoh ishni qilayotgan bo‘lsa, siz uni musulmonligi uchun yaxshi ko‘rasiz, lekin ayni paytda qilayotgan o‘sha gunoh amali uchun uning shu ishini yomon ko‘rasiz. Bu yomon ko‘rish sizni unga nisbatan zulm qilishga yoki haqoratlashga undamaydi. Aksincha, bu sizning unga nasihat qilishingizga, uning haqqiga duo qilib, isloh bo‘lishiga yordam berishingizga turtki bo‘lishi kerak.
"Men seni Alloh uchun yomon ko‘raman" deyish masalasiga kelsak, shariatda "Seni Alloh uchun yaxshi ko‘raman" deb aytishga targ‘ib bor, chunki bu o‘zaro mehr-muhabbatni ziyoda qiladi. Biroq, yomon ko‘rishni oshkora aytishga targ‘ib qilinmagan. Bunday deyish ko‘pincha kibrga, odamlarni dindan bezdirishga, adovat va fitnaga sabab bo‘lishi mumkin. Asosiy maqsad nafratni e’lon qilish emas, balki o‘sha insonni yoki uning amalini isloh qilishga harakat qilishdir. Vallohu a’lam.