Assalomu alaykum Qarindoshlar yigʻilib qora mol qurbonlik qilmoqchi edik. Oʻrtamizda moli nisobga yetgani bor yetmaganlari ham bor. Bir kishi kamroq bir kishi koʻproq pul qoʻshsa boʻladimi . Niyatlari har-xil boʻlsachi birovi hammasini ehson qilmoqchi birovlari 3 ga boʻlib birovlari hammasini oilasi uchun saqlamoqchi. Qurbonlikka olingan molni ertaroq olsak misol 2-3 oy oldin choʻponga berib boqtirganimiz yaxshimi yoki hissador boqsa ham boʻladimi qaysi biri afzalroq? Qora mol olishda uni tiriklik vazniga baho belgilab taroziga chiqarib olsak boʻladimi ? Qora mol goʻshti 7 ga 1 nisbatda baravar taqsimlanadi mi yoki goʻshtni belgilab aytsa ham boʻladimi misol qoʻl qismini men olaman deb ?
Bismillahir Rohmanir Rohim. Qurbonlik uchun qo'y, echki, sigir va tuyadan biri so'yiladi. Bu haqda Imom Marg'iloniy rahimahulloh shunday deganlar: وَيَذْبَحُ عَنْ كُلِّ وَاحِدٍ مِنْهُمْ شَاةً أَوْ يَذْبَحُ بَقَرَةً أَوْ بَدَنَةً عَنْ سَبْعَةٍ “Qurbonlik qilishi vojib bo'lgan har bir kishining nomidan bitta qo'y yoki etti kishining nomidan bitta mol yoki tuya so'yiladi”. (“Al-Hidoya” kitobi) Bu haqda Jobir Ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, u zot aytdilar: نَحَرْنَا مَعَ رَسُولِ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ عام الحديبية الْبَقَرَةَ عَنْ سَبْعَةٍ وَالْبَدَنَةَ عَنْ سَبْعَةٍ (رواه الإمام مسلم) “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan Hudaybiya yili mol va tuyadan har birini etti kishining nomidan so'ydik” (Imom Muslim rivoyati). Demak, tuya yoki sigirga etti kishigacha sherik bo'lishi mumkin. Undan ortig'i durust emas. Qurbonlikka so'yiladigan hayvonlarning yoshi Payg'ambarimiz alayhissalom tomonlaridan belgilab berilgan. Bu haqda mo''tabar fiqhiy kitoblarimizda shunday deyiladi:
ومن البقر ما تم له حولان وطعن في السنة الثالثة ... وتقدير هذه الاسنان بما قلنا لمنع النقصان لا لمنع الزيادة حتى لو ضحى بأقل من ذلك سنا لا يجوز ... (بدائع الصنائع)
ya'ni: “Qoramollardan qurbonlikka yaraydigani ikki yilga to'lib, uchinchi yilga o'tganidir.... Qurbonlikka so'yiladigan hayvonlarni bu yillar bilan belgilashdan maqsad, bu yoshdan kichik bo'lgan hayvonlarni qurbonligi durust emasligini ifoda qilish uchun, undan kattasini cheklash uchun emas. Hatto bu belgilangan yoshlardan kichik yoshdagi hayvonlar qurbonlik qilinsa, qurbonlik durust bo'lmaydi”. ("Badoi'us-sanoi'" kitobi)
Чorvachilik sohasi mutaxassislari fikricha qora mollarning oldidagi ikki kurak tishi o'n sakkiz, yigirma oylarda chiqar ekan. Vaholanki, qurbonlikka so'yiladigan qora mol ikki yoshga to'lib, uch yoshga o'tgan, ya'ni yigirma to'rt oydan oshgan bo'lish kerak. Shunday ekan agar kurak tishi bor qoramolni yoshi yigirma to'rt oydan oshgan bo'lsa, albatta qurbonligi durust bo'ladi. Lekin yigirma to'rt oyga etmagani aniq bo'lsa, uni qurbonlik qilish durust emas. Biroq kurak tishi bor qoramolni yoshi, oyi noaniq bo'lsa, ehtiyotan boshqa yoshi aniq qoramolni qurbonlik qilish kerak bo'ladi. Ammo sheriklarning barchasi Alloh taoloning rizoligi uchun qurbonlik qilishni niyat qilishlari shart bo'lib, ulardan biri kofir bo'lsa yoki go'sht niyatida sherik bo'lgan bo'lsa, ularning birortasidan ham joiz bo'lmaydi. Shuningdek, ettidan ortiq kishi sherik bo'lsa joiz bo'lmaydi. Biroq ettidan kam bo'lsa joiz, ya'ni ikki, uch, to'rt, besh, olti kishi sherik bo'lib qurbonlik qilsa bo'ladi (“Xulosa”). Shuningdek sheriklarning barchasi bir xil pul qo'shishi kerak va qurbonlikning go'shti ham barchalariga kilolab, teng taqsim qilinadi. Ya'ni ulardan ba'zisi “Menga qo'li, yoki soni”, deb maxsus joyini olishi joiz emas. Sheriklarning ba'zisi aqiqa, ba'zisi kafforat, boshqasi tamattu' yoki qiron kabi qurbat uchun so'yiladigan qonlar tufayli sherik bo'lsalar ham joiz bo'laveradi. Ammo imom Abu hanifa rohimahullohga ko'ra, ularning barchalari bir xildagi qurbat qoni bilan sherik bo'lganlari avlodir. Agar sheriklarning biri balog'atga etmagan yosh bola yoki nasroniy kabi g'ayri din bo'lsa ham hech kimni nomidan qurbonlik durust bo'lmaydi (“Al-Fatovo as-sirojiyya”). Bir kishi bir qora mol yoki tuyani qurbonlik uchun sotib olsa so'ng olti kishi unga sherik bo'lsalar joizdir. Ammo sotib olishdan oldin ularni sherik qilgani avlodir. Agar mazkur suratda mol yoki tuyani sotib olgan kishi kambag'al bo'lsa, u holda boshqalarni sherik qila olmaydi. Shuningdek, bir mol yoki tuyani Alloh uchun nazr qilgan bo'lsa ham boshqasini sherik qila olmaydi. Agar mazkur suratlarda olti kishini sherik qilgan bo'lsa, o'sha hayvonning ettidan olti qismini qiymatini sadaqa qilishi vojib bo'ladi. Besh kishi sherik bo'lib bir molsotib olsalar so'ng oltinchi odam ularga sherik bo'lishni taklif qilsa, ulardan to'rttasi rozi bo'lib, bittasi ko'nmasa, qurbonlik oltovlarining nomlaridan joiz bo'laveradi (“Zahiyriyya”). Ammo olti kishi sherik bo'lib bir qora mol yoki tuyani sotib olsalar so'ng ettinchi odam ularga sherik bo'lmoqchi bo'lsa va ulardan beshtasi rozi bo'lib, oltinchisi ko'nmasa, u holda qurbonlik joiz bo'lmaydi. Shu kabi uch kishi bir qora molni sotib olishsa va to'rtinchi odam sherik bo'lmoqchi bo'lsa, ulardan ikkitasi rozi bo'lib, uchinchisi rozi bo'lmasa ham qurbonlik to'rtovlari nomidan joizdir (“Muhiyti Saraxsiy”). Bir kishi qora molni sotib olib, ettidan birini joriy yildan va qolgan olti bo'lagini oldingi qurbonlik qila olmagan yillarim uchun deb niyat qilsa, joriy yilning o'zidan o'tadi va oldingi yillaridan o'tmaydi (“Xizonatul-muftiy”). Uch kishi sherik bo'lgan suratda biri zimmasidagi vojibni ado etishni, ikkinchisi zimmasidagi qazo qurbonlikni va uchinchisi nafl qurbonlikni niyat qilsa, birinchisidan vojib soqit bo'ladi, ikkinchisidan qazo soqit bo'lmaydi, balki nafl o'rniga o'tadi va bir qo'yni tirigi yoki qiymatini sadaqa qilishi vojib bo'ladi. Uchinchisidan esa nafl hisoblanadi (“Qozixon”). Etti kishi sherik bo'lib mol yoki tuya sotib olishganidan so'ng ulardan biri vafot etib qolsa, uning merosxo'rlari balog'atga etgan bo'lsalar va o'zlaring va otamizning nomidan qurbonlik qilavering desalar, joiz bo'laveradi. Ammo mazkur holatda uning merosxo'rlaridan be ijozat so'yslar joiz bo'lmaydi (“Kofiy”). Vallohu a'lam.