SINGLIMNING AHVOLI YAXSHI EMAS

ID: 424

04.04.2025

90

Savol:

Bir necha yildan buyon singlimning ahvoli yaxshi emas. Zamonaviy tibbiyot uni hech qanday kasallikka chalinmagan deb baholayapti. Ammo singlim o‘z-o‘zidan gapiradigan, qo‘rqib ketadigan ba’zan baqirib yig‘lab qoladigan odatlar chiqargan. Olib bormagan tabibimiz, sinamagan usulimiz qolmadi. Ba’zi imom-hatiblar “Ichiga jin kirib olgan” ham deyishyapti. Bizga yordam bering, bu tashvishdan halos bo‘lish uchun shariatda qanday yechim bor?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Jinlarning ham imonli yaxshisi, imonsiz yomoni bo‘ladi. Ulamolarimiz imonsiz yomon jinlarning odamlarga ta’siri bo‘lishi mumkin, deb aytadilar. Bunda ko‘pincha, odamlarning o‘zlari aybdor bo‘ladi. Jinlar vasvasaga uchragan, Alloh taoloning zikridan, Qur’oni karim tilovatidan uzoq va g‘aflatda bo‘lganlar, jinlardan saqlanish uchun o‘qiladigan duolarni o‘qimay yurganlarga tegishi mumkin. Albatta bu Alloh taoloning izni bilan bo‘ladi.

Ayrim insonlar bemor bo‘lib qolsalar, darrov folbinlar, “azayimxon”larga murojaat qilishadi. Ularning fikricha, “tumor” qilib berish bilan yohud “isitma-sovutma” qilib berish bilan, yoki “jin haydash” bilan butun darddan forig‘ bo‘lisharmish. Tasavvur qilib ko‘ring, agar bu amallar haqiqat bo‘lsa, yer yuzida biron bemor qolarmidi, itoatsizlik bitmasmidi? Demak, bunday xatti-harakatlar zarurat emas, mo‘maygina daromaddir.

Jin kirib olibdi, jin tegibdi, degan tashvishlardan uzoq bo‘lishi uchun inson kundalik ibodatlarini o‘z vaqtida ado etishi hamda Payg‘ambarimiz alayhissalom o‘qib yurgan suralar va duolarni o‘qib yurishi kerak. Jumladan, ertalab bomdod namozidan so‘ng “Oyatal kursi”, “Ixlos”, “Falaq”, “Nas” suralarini o‘qib yurilsa, Alloh taolo turli sehr va ko‘z tegishidan saqlaydi. Shuningdek, kechasi uxlashdan oldin ham xuddi shu suralarni o‘qib o‘ziga-o‘zi dam solib yotish tavsiya etiladi.

Siz o‘z siglingizga dam soldirishingiz lozim. Dam solish bu — Alloh taoloning kalomi Qur’oni karimni tilovat qilish va Allohning ismlarini aytish va Payg‘ambarimiz alayhissalomning hadislarida kelgan duolarni o‘qib panoh tilashdir. Undan boshqa narsalarni o‘qib dam solish Islom ta’limotiga kirmaydi. Dam solishning eng afzali — inson o‘ziga-o‘zi dam solishidir. Agar kishi o‘ziga-o‘zi dam sololmasa, ishonchli – ilmli va taqvoli kishining oldiga borib dam soldirishi etiladi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar