Peshin kabi to‘rt rakatli namozda muqim inson musofirga iqtido qilsa, namozini qanday tugatadi? Musofir bilan birga ikkinchi rakatda salom berib tugatadimi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Musofir muqimga iqtido qilishi mumkin bo‘lgani kabi muqim ham musofirga iqtido qilishiga shariatda mone’lik yo‘q. Agar shu holatda o‘qilsa, avvalo musofir imom muqimlarga o‘xshab to‘rt rakat o‘qimaydi va o‘z navbatida iqtido qilgan muqimlar ham imomga qo‘shilib ikkinchi rakatda salom berib ham qo‘ymaydi. Balki musofir imom ikkinchi rakatdan keyin o‘tirib, tashahhud, salovat va duoni o‘qib, salom beradi. Jamoat ichidagi iqtido qilgan musofirlar ham imom bilan birga salom beradi. Muqim iqtido qilguvchilar esa imom salom bergandan keyin xuddi namozga kech kelib qo‘shilgan odamdek uchinchi va to‘rtinchi rakatlar uchun turib, har birlari alohida-alohida namozlarini tugatadi. Uchinchi va to‘rtinchi rakatda fotiha o‘qishmaydi, balki uch tasbeh aytarlik miqdor jim turib, rukuga ketadi. Bu haqda alloma Burhoniddin Marg‘inoniy rahimahulloh “Hidoya” kitobida bunday degan:
وإن صلى المسافر بالمقيمين ركعتين سلم وأتم المقيمون صلاتهم لأن المقتدي التزم الموافقة في الركعتين فينفرد في الباقي كالمسبوق إلا أنه لا يقرأ في الأصح
“Musofir muqimlarga imom bo‘lsa, ikkinchi rakatda salom beradi va muqimlar namozlarini to‘liq o‘qib tugatadilar. Chunki muqtadiy avvalgi ikki rakatda imomga ergashishni zimmasiga olgan. Qolgan rakatlarda esa masbuq singari yolg‘iz davom ettiradi. Biroq ulamolar eng to‘g‘risi shu deb aytgan gapga ko‘ra qiroat qilmaydi”.
Shuningdek, mazkur ma’nodagi gaplar “Javharotun nayyira”, “Maroqiul faloh” kabi bir necha fiqhiy kitoblarda ham kelgan. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.