Bir inson Allohdan biron ish bo‘lishni so‘rasa va evaziga yoz chillasida 30 kun ketma-ket ro‘za tutishni nazr qilsa, lekin vaqti kelganda nazr ro‘zani tuta olmasa nima qiladi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Ro‘zani nazr qilingan paytda tuta olmagan bo‘lsa, keyin tutib beradi. Ketma-ket ro‘za tutishni nazr qilgan bo‘lsa, ketma-ket tutishi lozim bo‘ladi. Bu borada “Fatovoi hindiya” kitobida shunday deyiladi:
وَلَوْ قَالَ لِلَّهِ عَلَيَّ أَنْ أَصُومَ شَهْرًا مُتَتَابِعًا لَزِمَهُ التَّتَابُعُ
“Agar: “Alloh uchun zimmamda bir oy uzluksiz ro‘za tutish bor”, desa, uzluksiz ro‘za tutishi lozim bo‘ladi”.
Uzluksiz o‘ttiz kun tutayotgan ro‘zasini bir kun buzsa, yana boshidan boshlaydi. Bu haqida “Badoi’us sanoi’” kitobida aytiladi:
إذَا قَالَ : لِلَّهِ عَلَيَّ أَنْ أَصُومَ شَهْرًا مُتَتَابِعًا ، أَوْ قَالَ : أَصُومَ شَهْرًا وَنَوَى التَّتَابُعَ فَأَفْطَرَ يَوْمًا - أَنَّهُ يَسْتَقْبِلُ
Agar: “Alloh uchun zimmamda bir oy uzluksiz ro‘za tutish bor”, desa yoki “Alloh uchun zimmamda bir oy ro‘za tutish bor”, deb uzluksiz ro‘za tutishni niyat qilsa, keyin (o‘sha ro‘zani tutish davomida) bir kun ro‘za tutmasa, yana (bir oylik) ro‘zani qaytadan boshlaydi”. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.