OB-HAVO MA’LUMOTI G‘AYBNI BASHORAT QILISHGA KIRADIMI?

ID: 451

04.04.2025

55

Savol:

Hozirgi zamonamizda ob-havo ma’lumoti oldinlan aytiladi. Bu ma’lumotlarga ishonishlik, ushbu ma’lumotga asoslanib ishlarni rejalashtirish mumkunmi? Bu ish g‘aybni bashorat qilishga kirmaydimi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Ob-havoni qanday bo‘lishi, qachon yomg‘ir yog‘ishi yolg‘iz  Allohga ayondir.

Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qilgan:

إِنَّ اللَّهَ عِنْدَهُ عِلْمُ السَّاعَةِ وَيُنَزِّلُ الْغَيْثَ وَيَعْلَمُ مَا فِي الْأَرْحَامِ وَمَا تَدْرِي نَفْسٌ مَاذَا تَكْسِبُ غَدًا وَمَا تَدْرِي نَفْسٌ بِأَيِّ أَرْضٍ تَمُوتُ إِنَّ اللَّهَ عَلِيمٌ خَبِيرٌ (34)

“Albatta, Soat ilmi yolg‘iz Allohning huzuridadir. Yomg‘irni U yog‘dirur. Bachadonlardagi narsani ham U bilur. Hech bir jon ertaga nima kasb qilishini bilmas. Hech bir jon qaysi yerda o‘lishini ham bilmas. Albatta, Alloh o‘ta biluvchidir, o‘ta xabardordir” (Luqmon surasi, 34-oyat).

عن ابن عمر  رضي الله عنهما  عن النبي  صلى الله عليه وسلم  أنه قال: ( مفاتيح الغيب خمس لا يعلمها إلا الله، لا يعلم ما تغيض الأرحام إلا الله، ولا يعلم ما في غد إلا الله، ولا يعلم متى يأتي المطر أحد إلا الله، ولا تدري نفس بأي أرض تموت إلا الله، ولا يعلم متى تقوم الساعة إلا الله ) رواه البخاري

Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam dedilar:  “G‘ayb kalitlari beshtadir. Ularni faqat Alloh biladi.

  1. Bachadondagi homila qanday bo‘lishini Allohdan o‘zga hech kim bilmaydi! 
  2. Ertaga nima bo‘lishini Allohdan o‘zga hech kim bilmaydi! 
  3. Yomg‘ir qachon kelishini Allohdan o‘zga hech kim bilmaydi! 
  4. Biror jonning qayerda o‘lishini Allohdan o‘zga hech kim bilmaydi! 
  5. Qiyomat qachon bo‘lishini Allohdan o‘zga hech kim bilmaydi!” Imom Buxoriy rivoyatlari.

Ob-havo ma’lumotlari shamolning esishi, havo oqimining o‘zgarishini kuzatilib, tajribadan kelib chiqib aytilgani sababli g‘aybni da’vo qilishga kirmaydi. Shu sababdan ham ob-havo ma’lumotini yomg‘ir yog‘ishi, shamol bo‘lishi, havo ochiq bo‘lib falon daraja issiq bo‘lishi kuzatiladi, deb aytiladi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar