SHAYTON VASVASIDAN QUTILISH

ID: 2549

13.09.2025

338

Savol:

Assalomu alaykum. Men so'ramoqchi bo'lgan savolim shundan iboratki, ba'zan Shayton men o'tmishda qilganim yokida qilmaganim noma'lum ishlar haqida vasvasa qiladi va bu holatda men o'zimni juda ham yomon xis qilaman va yana bir xolat shundan iboratki, har gunoh ish qilganimdan keyin Istig'for aytib Tavba qilganimdan keyin ham "kechirilmagansan, bunday oson kechirilmaysan yokida har shu gunohni qilasan-u, yana kechirilaverasanmi" qabilidagi vasvasalar qalbimni egallab oladi, anchadan beri qalbimda halovat yo'qolgan. Inson Shayton vasvasasiga uchraganda qanday yo'l tutishi kerak. Javob uchun oldindan raxmat. Alloh sizlardan rozi bo'lsin!

Javob:

Qalbingizdagi bunday og‘irlik va vasvasalar, aslida, iymoningiz zaifligidan emas, aksincha, uning mavjudligidan dalolatdir. Chunki shayton bo‘sh va xaroba uyga o‘g‘irlikka kirmaydi, balki ichida qimmatbaho xazinasi bor xonadonga talpinadi. Sizning qalbingizdagi iymon ana o‘sha xazinadir.

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan sahobalar: “Qalbimizda aytishni ulkan(gunoh) deb biladigan narsalarni topamiz” deyishdi. “Uni ulkan gunoh deyishni topasizlarmi?” dedilar. Ular: “Ha” deyishdi. “O‘sha ayni iymondir”, deb marhamat qilganlar (Imom Muslim rivoyati).

Demak, bunday yomon xayollarning kelishi va ulardan nafratlanishingiz qalbingizda iymon mustahkam ekanining alomatidir. Shunday ekan, bu holatdan tushkunlikka tushmang, balki bu shaytonning sizning iymoningizga qarshi hujumi ekanini anglab, Allohga yanada qattiqroq yuzlaning.

Tavba va istig‘foringiz qabul bo‘lmayotgani haqidagi vasvasa shaytonning eng katta hiylalaridan biridir. Uning maqsadi – bandani Allohning rahmatidan umidsizlantirishdir. Vaholanki, Alloh taoloning marhamati bandaning gunohidan cheksiz darajada ulug‘dir. Siz har safar gunohdan keyin chin dildan pushaymon bo‘lib, tavba qilar ekansiz, Alloh taolo kechiruvchi va rahmli zotdir. “Kechirilmagansan” yoki “har safar shu gunohni qilib, yana kechirilaverasanmi?” degan xayollar shaytonning ovozidir.

Alloh taolo: “Ey, o‘z jonlariga isrof (javr) qilgan bandalarim, Allohning rahmatidan noumid bo‘lmang! Albatta, Alloh barcha gunohlarni mag‘firat etar. Albatta, Uning O‘zi o‘ta mag‘firatli va o‘ta rahimli zotdir” (Zumar surasi, 53-oyat), deb marhamat qilgan.

Bundan tashqari, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo ummatimdan nafslari aytgan narsa(vasvasa)ni kechirib yubordi. Modomiki uni so‘zlab yoki unga amal qilmasalar”, deganlar (Muttafaqun alayh). Demak, xayolingizga kelgan fikrlar uchun, ularga amal qilmaguningizcha, javobgar bo‘lmaysiz.

Bunday vasvasalarga qarshi kurashning eng samarali yo‘li – ularga e’tibor bermaslikdir. Vasvasa xuddi yo‘lda ketayotganingizda sizga yomon so‘z aytayotgan begona kishiga o‘xshaydi. Agar unga e’tibor berib, javob qaytarsangiz, u yanada ko‘proq gapiraveradi. Agar parvo qilmay yo‘lingizda davom etsangiz, u oxiri sizni tinch qo‘yadi. Xayolingizga yomon fikr kelganda, darhol “A’uzu billahi minash shaytonir rojiym” deb, Allohdan panoh so‘rang va fikringizni boshqa narsaga – zikrga, foydali ishga yoki insonlar bilan suhbatga buring. Shunda Allohning O‘zi sizni bu yomonliklardan asraydi.

Nihoyat, ibodatlaringiz, xususan, namozingizda keladigan xayollar tufayli amallaringizni qadrsiz deb bilmang. Alloh taolo sizni namoz o‘qishga, peshonangizni sajdaga qo‘yishga muvaffaq qilib qo‘yganining o‘zi ulkan ne’mat va rizqdir. Namozdagi rohat va huzur Allohning in’omi, lekin u namozning qabul bo‘lish sharti emas. Nafsingiz bilan kurashib, qiynalib o‘qilgan namozning ajri, balki, xotirjamlikda o‘qilgan namozdan ham ko‘proq bo‘lar. Chunki bunda siz nafsingizning xohishi uchun emas, balki faqat va faqat Allohning roziligi uchun ibodat qilayotgan bo‘lasiz. Asosiysi, amalni sunnatga muvofiq, ixlos bilan ado etishdir. Qolgan vasvasa va xayollarga e’tibor bermang, ular sizning ajringizni kamaytirmaydi, inshaalloh. Alloh taolo qalbingizga xotirjamlik ato etsin va sizni shayton vasvasasidan O‘z panohida asrasin.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar