Ayol kishi atir sepib ko‘chaga chiqishi mumkinmi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Ayol kishi zarurat yuzasidan ko‘chaga chiqsa, o‘ziga oro bermay, erkaklarning nazarini o‘ziga qaratmaydigan, avratlarini to‘sadigan, shaffof bo‘lmagan kiyimda bo‘lishi shariatimiz talabidir.
نْ أَبِي مُوسَى رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: إِذَا اسْتَعْطَرَتِ الْمَرْأَةُ فَمَرَّتْ عَلَى الْقَوْمِ لِيَجِدُوا رِيحَهَا فَهِيَ زانية. رَوَاهُ أَصْحَابُ السُّنَنِ
Abu Muso raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisida Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qaysi bir ayol atir bilan xushbo‘ylansa so‘ng (ko‘chaga) chiqsa va uning hidini hidlashlari uchun biror qavm oldidan o‘tsa, bas, u zinokordir. Har bir ko‘z zinokordir” (Imom Ahmad, Imom Nasaiy va Imom Hokim rivoyat qilishgan).
Hadisda “o‘sha ayol zoniyadir” deyildi. Chunki xushbo‘y narsa ila begona erkaklarning e’tiborini qasddan jalb qiladigan yaxshi ayol bo‘lmaydi. Bu narsaga ayol-qizlarimiz alohida e’tibor bermoqlari lozim.
Shuning uchun ham Islomda ayol kishining o‘tkir hidli xushbo‘y narsalarni o‘ziga surtib olib, begona erkaklarning shahvatini qo‘zitishlari o‘ta madaniyatsizlik hisoblanadi. Madaniyatli muslima bunday vaziyatda hidsiz vositalardan foydalanadi. Vallohu a’lam!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.