"Pirsiz yurganning piri shaytondir", deb eshitganman. Pirga qo‘l berish hayotda kerakmi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Har bir sohada ustoz kerak bo‘lgani kabi kishi ma’naviy qalb kasalliklari (kibrlanish, o‘zidan ajablanish, yolg‘on so‘zlash, g‘iybat, bo‘hton kabilar)dan forig‘ bo‘lishi va Alloh taologa yetishishi uchun insonga yetuk, komil va kamolotga yetkazuvchi ustoz bo‘lgani afzal. Zero, ustoz yordamida kishi bunday illatlardan tezroq va oson qutilib, Allohga yaqin bandalar qatoriga yetishi mumkin. Bizda bunday yetuk ustozlarga ko‘proq «pir», «shayx» kabi iboralar ishlatiladi. Ularga shogird tushishni «qo‘l berish», «bay’at qilish» kabi so‘zlar bilan ifoda qilinadi. Payg‘ambar alayhissalomlar ham insonlarni qalb kasalliklaridan forig‘ qilib, Alloh taologa yaqinlashtirganlar. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:
هُوَ الَّذِي بَعَثَ فِي الْأُمِّيِّينَ رَسُولًا مِنْهُمْ يَتْلُو عَلَيْهِمْ آَيَاتِهِ وَيُزَكِّيهِمْ وَيُعَلِّمُهُمُ الْكِتَابَ وَالْحِكْمَةَ وَإِنْ كَانُوا مِنْ قَبْلُ لَفِي ضَلَالٍ مُبِينٍ
ya’ni: “U (Alloh) omilar (savodsiz kishilar) orasiga o‘zlaridan bo‘lgan, ularga (Uning) oyatlarini tilovat qiladigan, ularni (shirk va jaholatdan) poklaydigan hamda ularga Kitob (Qur’on) va Hikmat (Hadis)ni o‘rgatadigan (bir) payg‘ambarni (Muhammadni) yuborgan zotdir. Haqiqatan, (ular payg‘ambar kelishidan) ilgari aniq zalolatda edilar" (Jum’a surasi, 2-oyat).
Mana shu oyati karimani ba’zi ulamolar kishi tasavvuf ilmida ustoz («pir», «shayx») bo‘lishiga dalil qilib keltirganlar. Demak, har bir inson ruhiy tarbiya, pirga murojaat qilishga muhtoj. Hozirga kunda pirlikni da’vo qiladigan kishilar juda ko‘p. Ularning ichida haqli bo‘lganlari ham, soxta, johil, hatto qalloblari ham bor. Bunday o‘rinda haqiqiy pir bilan boshqalarini ajratib olish uchun ulamolarimiz «shariat» degan mezonni tavsiya qilganlar. Agar pirni amal va vazifalari shariatga muvofiq bo‘lsa qabul qilinadi. Aks holda tark qilinadi. Chunki, tasavvuf va tariqat yo‘lini shariatdan ajratish, inson terisini badanidan shilib olishga o‘xshagan narsadir. Chunki shariatsiz tasavvuf g‘oyalariga erishish mumkin emasdir. Bu haqida So‘fi Allohyor rahmatullohi alayh:
«Shariatsiz kishi uchsa havoga, Ko‘ngil berma aningdek xudnamoga»,
– deganlar. Hozirgi kunda kishi yetuk, komil va kamolotga yetkazadigan pirlarni topgungacha noumid bo‘lmasdan, ilm yo‘lini tutishi zarur. Olimlarning so‘zlariga quloq tutib, Shariatimizni yaxshilab o‘rganib, amal qilib borsa, Allohning O‘zi unga madadkor bo‘ladi. Vallohu a’lam. O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.