Masjidda farz namozini imomga iqtido qilayotganda namoz oxirida attahiyat va salovotni aytish kerakmi yoki imomga iqtido qilib sano duosini o‘qisak bo‘ldimi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Imomga iqtido qilgan kishining namoz o‘qish tartibi quyidagicha, imomga iqtido qilishni niyat qiladi. Imomdan keyin takbiri tahrima aytadi, keyin sano o‘qiydi va jim turadi. A’uzu va bismillahni aytmaydi. Imom qiroat qilganda jim turib eshitadi. Maxfiy o‘qiladigan namozlarda ham imomni orqasida Fotiha va zam sura o‘qimaydi. Imom Fotihani tugatganda maxfiy "Omin", deydi. Imom “Sami’allohu liman hamidah”, deydi, iqtido qilguvchi “Robbanaa va lakal-hamd”, deydi. Ruku va sajdaga ketish takbirlarini maxfiy aytadi. Ruku va sajda tasbehlarini aytadi. Attahiyat duosi, salavot va salomdan oldingi duolarni o‘qiydi. Imomdan biroz keyin salom beradi. Ramazonda vitrni jamoat bilan o‘qilsa, iqtido qilganlar ham, maxfiy qunutni o‘qiydi.
Tashahhud va salavotlarni iqtido qilguvchi o‘qishi borasida fiqh kitoblarimizda bunday deyilgan: “Agar iqtido qilguvchi tashahhudni o‘qib bo‘lmay turib imom salom berib yuborsa, iqtido qilguvchi tashahhudni oxiriga yetkazib qo‘yadi”. (Al-Fatovo al-hindiya, 1-j. 99-b). “Agar iqtido qilguvchi tashahhuddan keyingi duo yoki Payg‘ambar alayhissalomga salavotni aytib bo‘lmasdan turib, imom salom berib yuborsa, iqtido qilguvchi imom bilan salom beraversin”. (O‘sha manba, 99-100-bet). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.