Assalomu alaykum. Men tonirovka ruxsatnomasini rasmiylashtirib berish xizmati bilan shug'ullanaman. Xizmatim quyidagicha: 1. Ruxsatnomani davlatdan o'zim xarid qilaman va mijozga tayyor holda topshiraman. 2. Narx oldindan belgilangan: – Naqd: 3 100 000 so'm – Nasiya: 3 600 000 so'm (5 oyga) 3. Men mijozga qarz bermayman, balki xizmatni naqd yoki nasiyaga sotaman. 4. Kechikkan to'lovga foiz yoki jarima qo'yilmaydi. Ushbu tartib joizmi?
Vaalaykum assalom. Faoliyatingiz shar'an savdo emas, balki «haq evaziga vakillik» hisoblanadi. Chunki ruxsatnoma faqat transport egasi nomiga rasmiylashtirilishi sababli uni sotib olib, qayta sotish imkonsizdir. Sizning davlat bojini o'z yoningizdan to'lab, keyinchalik mijozdan nasiya savdo ko'rinishida ortig'i bilan undirishingiz qarz evaziga manfaat ko'rish bo'lgani uchun ribo hisoblanadi.
Qolaversa, moliya muassasalari uchun qabul qilingan shar'iy me'yorlarga ko'ra, agar xizmat pul evaziga ko'rsatilayotgan bo'lsa, to'lovni vakil to'lab turishini yoki uning pulini kechiktirib berishni shart qilish joiz emas.
AAOIFI ning «Vakillik» nomli 23-shar'iy standarti, 5/1/1-bandida shunday deyilgan:
«المصروفات والثمن في الوكالة بالشراء على الموكل، وعليه أن يدفع إلى الوكيل الثمن والمصروفات التي تتعلق بالمحل الموكل به، مثل مصروفات النقل والتخزين والضرائب ونفقات الصيانة والتأمين، ولا يجوز اشتراط ذلك على الوكيل ولا تأجيل دفع هذه المستحقات إن كانت الوكالة بأجر».
«Sotib olish bo'yicha vakillikda xarajatlar va narx muvakkil (buюrtmachi) zimmasida bo'lib, u vakilga narx va vakillik ob'ektiga oid tashish, saqlash, soliqlar, ta'mirlash va sug'urta xarajatlari kabi to'lovlarni to'lab berishi lozim. Agar vakillik haq evaziga bo'lsa, bu (xarajat)larni vakil zimmasiga shart qilish va ushbu haqlarni (vakilga) to'lashni kechiktirish joiz emas».