TASHAHHUDDA O‘TIRISH KAYFIYATI

ID: 936

04.04.2025

49

Savol:

Namozda tashahhud uchun o‘tirganda sunnatga muvofiq qanday o‘tiriladi? Har ikki oyoqni yotqiziladimi yoki birini yotqizib, birini tik qilinadimi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Namozxon ikkinchi rakatning ikkinchi sajdasidan boshini ko‘targanidan so‘ng chap oyog‘ini to‘shaydi va unga o‘tiradi. O‘ng oyog‘ini esa tik qilib qo‘yadi va barmoqlarini Qibla tarafga qaratadi. To‘rtinchi rakatdagi o‘tirish ham shu kabi bo‘ladi.

Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ikkinchi rakatda ikkinchi sajdadan muborak boshlarini ko‘tarsalar, chap oyoqlarini to‘shab uning ustiga o‘tirar edilar, o‘ng oyoqlarini tik tutgan holda, uning barmoqlarini Qiblaga yuzlantirardilar.

عَنْ ابْنِ حُجْرٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: "قَدِمْتُ الْمَدِينَةَ قُلْتُ لَأَنْظُرَنَّ إِلَى صَلَاةِ رَسُولِ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَلَمَّا جَلَسَ يَعْنِي لِلتَّشَهُّدِ افْتَرَشَ رِجْلَهُ الْيُسْرَى وَوَضَعَ يَدَهُ الْيُسْرَى يَعْنِي عَلَى فَخِذِهِ الْيُسْرَى وَنَصَبَ رِجْلَهُ الْيُمْنَى" (رواه الامام الترميذي) 

ya’ni: Voil ibn Hujr raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning namozlarini ko‘ray deb, Madinaga bordim. U Zot tashahhudga o‘tirsalar, chap oyoqlarini to‘shar, chap  qo‘llarini chap sonlariga qo‘yar va o‘ng oyoqlarini tik qilardilar” (Imom Termiziy rivoyatlari).

Oisha raziyallohu anho Rasululloh alayhissalomning o‘tirishlarini shunday sifatlaganlar:

"كان رسول الله صلى الله عليه وسلم يستفتح الصلاة بالتكبير والقراءة بالحمد لله رب العالمين  وكان إذا ركع لم يشخص رأسه ولم يصوبه ولكن بين ذلك وكان إذا رفع رأسه من الركوع لم يسجد حتى يستوي قائما وكان إذا رفع رأسه من السجدة لم يسجد حتى يستوي جالسا وكان يقول في كل ركعتين التحية وكان يفرش رجله اليسرى وينصب رجله اليمنى وكان ينهى عن عقبة الشيطان وينهى أن يفترش الرجل ذراعيه افتراش السبع وكان يختم الصلاة بالتسليم" (رواه الامام مسلم).  

ya’ni: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam namozni takbir va “Alhamdu lillaahi robbil alamiyn”ni qiroati bilan boshlar edilar. Qachon ruku’ qilsalar, boshlarini ko‘tarib ham, tushurib ham yubormas, balki shuning o‘rtasida tutar edilar. Qachon sajdadan boshlarini ko‘tarsalar, rostlanib o‘tirmagunlaricha, sajda qilmasdilar. Har ikki rakatda “At-Tahiyyot”ni aytardilar. Chap oyoqlarini to‘shab, o‘ng oyoqlarini tik tutar edilar. Shayton uqbasidan qaytarar edilar va kishining yirtqich tirsaklarini yerga to‘shaganidek to‘shashidan qaytarar edilar. U Zot namozni salom bilan tugatar edilar” (Imom Muslim rivoyatlari).

Ushbu rivoyatdagi Oisha onamiz raziyallohu anhoning “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday qilar edilar” deyishlari mutlaq bo‘lib, bu U Zotning ikki tashahhudda shunday o‘tirishlariga dalolat qiladi. Chunki u kishi ushbu hadisda har ikki rakatda mashru’ zikrni bayon qilib, buning ortidan o‘tirish ko‘rinishini zikr qilmoqdalar. Aslida bu bilan avvalgi holatni zikr qilib, keyingi holatni esdan chiqarib qo‘yayotganlari yo‘q, balki avvalgi va keyingi tashahhudlarda ham xuddi shunday o‘tirganliklarini aytmoqdalar.

Hanafiy mazhabidagi mashhur fatvo kitoblaridan hisoblangan “Fatavoi Hindiyya” kitobida ham shunday bayon qilingan.

وَإِذَا رَفَعَ رَأْسَهُ مِنْ السَّجْدَةِ الثَّانِيَةِ فِي الرَّكْعَةِ الثَّانِيَةِ افْتَرَشَ رِجْلَهُ الْيُسْرَى وَجَلَسَ عَلَيْهَا وَنَصَبَ الْيُمْنَى نَصْبًا وَوَجَّهَ أَصَابِعَهُ نَحْوَ الْقِبْلَةِ وَوَضَعَ يَدَيْهِ عَلَى فَخِذَيْهِ وَبَسَطَ أَصَابِعَهُ. كَذَا فِي الْهِدَايَةِ وَلَا يَأْخُذُ الرُّكْبَةَ هُوَ الْأَصَحُّ. كَذَا فِي الْخُلَاصَةِ وَإِنْ كَانَتْ امْرَأَةٌ جَلَسَتْ عَلَى أَلْيَتِهَا الْيُسْرَى وَأَخْرَجَتْ مِنْ الْجَانِبِ الْأَيْمَنِ. كَذَا فِي الْهِدَايَةِ. 

ya’ni: “Namozxon qachon ikkinchi rakatning ikkinchi sajdasidan boshini ko‘tarsa, chap oyog‘ini to‘shaydi va uning ustiga o‘tiradi. O‘ng oyog‘ini esa tik qilib qo‘yadi va barmoqlarini Qibla tarafga qaratadi. Ikki qo‘lini barmoqlarini yozgan holda sonining ustiga qo‘yadi (ya’ni qo‘lni musht qilib olmaydi). “Hidoya” kitobida shunday deyilgan. Qa’dada o‘tirganda tizzasini ushlamaydi. “Xulosa” kitobida ham shunday deyilgan”.

Agar namozxon ayol kishi bo‘lsa, chap dumbasiga o‘tiradi va ikki oyog‘ini o‘ng tarafdan chiqaradi. “Hidoya” kitobida ham shunday zikr qilingan".

Chunki ayollarning mana shunday o‘tirishi ular uchun avratlarni yanada yashiruvchiroqdir. Bu haqida hanafiy mazhabi ulamolarimiz bir qancha sahobai kiromlardan rivoyat qilingan sahih naqllarga suyanganlar. Alloh yanada biluvchidir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar