TILOVAT SAJDASI HAQIDA

ID: 2330

03.09.2025

318

Savol:

Assalamu alaykum, ustoz tilovat sajdasi o‘qilganda sajda qilish vojib bo‘ladi, yodlovchilar esa har birida sajda qilmaydi balki to‘plab bitta sajda qiladi, bir hil insonlar yillab sajda qilmas ekan buning qazosi bo‘ladimi 1000 ta o‘qisa o‘rnini mingta sajda bilan qoplaydimi, agar kechiktirilsa yoki o‘rin almashsa 2 ta sajda qilish kerak deb aytardi ustozlar. Shu holatda kechiktirilgan va yillar davomidagi o‘qilgan sajda qilinmaganari nima bo‘ladi, har biriga sajda qilamizmi? keyingi savol shu sajda qilishda quloq qoqib niyat qilinadi shu yaxshi deyishgan edi bir kitobda esa quloq qoqilmaydi deyilgan, bu holat eng to‘g‘risi qay biri, qaysi biriga amal qilishimiz kerak? Batafsil tushuntirib bersangiz, javob uchun rahmat.

Javob:

Va alaykum assalom. Har biri uchun alohida sajda qilinadi. Sajda oyatini namozdan tashqarida o‘qigan yoki eshitgan odam darhol sajda qilishi mandub (yaxshi) bo‘ladi. Lekin darhol qilishi vojib emas. Bu haqida shunday deyilgan: وَفِي الْغِيَاثِيَّةِ وَأَدَاؤُهَا لَيْسَ عَلَى الْفَوْرِ حَتَّى لَوْ أَدَّاهَا فِي أَيِّ وَقْتٍ كَانَ ، يَكُونُ مُؤَدِّيًا لَا قَاضِيًا ، كَذَا فِي التَّتَارْخَانِيَّة هَذَا فِي غَيْرِ الصَّلَاتِيَّةِ أَمَّا الصَّلَاتِيَّةُ إذَا أَخَّرَهَا حَتَّى طَالَتْ الْقِرَاءَةُ تَصِيرُ قَضَاءً وَيَأْثَمُ ، هَكَذَا فِي الْبَحْرِ الرَّائِقِ . “G‘iyosiyya kitobida keltirilishicha, tilovat sajdasi darhol vojib bo‘lmaydi. Shunga ko‘ra sajdani qachon qilsa ham, o‘z vaqtida qilgan bo‘ladi. Qazo bo‘lmaydi (“Tatarxoniyya”). Ammo bu hukm namozdan tashqaridagi sajdaga tegishli bo‘lib, namozda sajda oyatini o‘qisa va qiroatni cho‘zib, sajda qilmasa, qazoga aylanadi va gunohkor bo‘ladi” (“Al-Bahr ar-roiq” kitobi). Namozdan tashqarida o‘qilgan sajda oyati uchun qilinadigan tilovat sajdasida namozdagi ba’zi shartlar talab etiladi. Masalan, tahorat, qiblaga yuzlanish, pok joy, pok kiyim kabi amallar shart hisoblanadi. Ammo takbir, ya’ni Allohu akbar deyish sunnat, qiyom (tik turish) esa mustahab hisoblanadi, farz emas. Qur’on o‘qiyotgan kishi sajda oyatini o‘qib, o‘tirgan joyida sajda qilsa, bu bilan vojib bo‘lgan tilovat sajdasini ado qilgan bo‘ladi. Tilovat sajdasini bajarishning eng afzal ko‘rinishi tik turib takbir aytadi va sajdaga boradi. Yana takbir aytib sajdadan turadi. Bu haqda “Raddul muhtor” kitobida bunday deyilgan: وهي سجدة بين تكبيرتين مسنونتين جهرا وبين قيامين مستحبين بلا رفع يد وتشهد وسلام وفيها تسبيح السجود “Tilovat sajdasi sunnat bo‘lgan va jahriy aytiladigan ikki takbir va mustahab bo‘lgan ikki qiyom orasidagi sajdadir. Unda quloq qoqish, tashahhud va salom berish yo‘q. Lekin tasbih aytiladi”. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar