SHAYTONNING HIYLALARI

ID: 968

04.04.2025

307

Savol:

Shayton insonni qanday qilib yo‘ldan adashtiradi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Insoniyatning otasi Odam alayhissalom yaratilgandan beri Shayton odam zotiga dushmanlik qiladi. Ularni turli yo‘llar bilan adashtirish va o‘zining ortidan do‘zaxga olib ketish payida bo‘ladi. Buning uchun turli-tuman yo‘llardan foydalanadi. Shayton hiylalaridan ogoh bo‘lish uning to‘riga tushib qolmasligimiz uchun Qur’oni karim va hadisi sharifda yetarlicha ko‘rsatmalar mavjud. Quyida Qur’oni karimda zikr qilingan shaytonning ba’zi hiylalarini aytib o‘tamiz:

  1. Shayton insonni kambag‘allik bilan qo‘rqitadi, fahshga buyuradi. Alloh taolo shunday deydi:

الشَّيْطَانُ يَعِدُكُمُ الْفَقْرَ وَيَأْمُرُكُمْ بِالْفَحْشَاءِ وَاللَّهُ يَعِدُكُمْ مَغْفِرَةً مِنْهُ وَفَضْلًا وَاللَّهُ وَاسِعٌ عَلِيمٌ  

ya’ni: “Shayton sizlarni (xayr-ehson qilishda)  kambag‘al bo‘lib qolishdan qo‘rqitadi va fahsh ishlarga undaydi. Alloh (esa) sizlarga O‘zidan mag‘firat va fazl (boylik) va’da qiladi. Alloh (karami) keng va bilimdon zotdir” (Baqara surasi, 268-oyat). 2.  Mast qiluvchi ichimliklar, qimor, butparastlik, folbinlik shayton amallaridan bo‘lib, bular odamlarni adashtirishda shaytonning vositalari bo‘ladi.  Qur’oni karimda shunday deyiladi:  “Ey, imon keltirganlar! Albatta, may (mast qiluvchi ichimliklar), qimor, but-sanamlar va (fol ochadigan) cho‘plar shaytonning ishidan iborat ifloslikdirki, undan chetlaningiz! Shoyad (shunda) najot topsangiz. Shayton may bilan qimor (yordami)da o‘rtalaringizga adovat va nafrat solishni va sizlarni Allohning zikri hamda namozdan qaytarishni xohlaydi. Bas, endi, sizlar (may ichishdan) tiyiluvchimisiz?” (Moida surasi, 90-91-oyatlar). 3.  Shayton odamlarga avratlarini ochishni buyuradi. Alloh taolo shunday deydi:

فَوَسْوَسَ لَهُمَا الشَّيْطَانُ لِيُبْدِيَ لَهُمَا مَا وُورِيَ عَنْهُمَا مِنْ سَوْآَتِهِمَا

ya’ni: “So‘ngra shayton ularning yopilgan avratlarini ochib yuborish (sharmanda qilish) uchun ikkisi (Odam va Havvo)ga vasvasa qildi...” (A’rof surasi, 20-oyat). 4.  SHayton mo‘minlarga qarshi kurashayotganlarning amallarini o‘zlariga chiroyli ko‘rsatadi va ularga "Sizlardan g‘olib keladigani yo‘q", deydi. Qur’oni karimda shunday deyiladi:  “O‘shanda shayton ularga (mushriklarga) qilayotgan ishlarini ziynatli qilib ko‘rsatib: «Bu kun odamlar ichida sizlarga g‘olib keladigani yo‘q. Mana, men yoningizdadirman!» – dedi. Ikki to‘p (lashkarlar) to‘qnashganda esa (shayton) ortiga chekinib: «Men sizlardan bezorman. Men sizlar ko‘rmagan narsani ko‘rayapman. Men Allohdan qo‘rqaman. Alloh jazosi qattiq zotdir», – dedi” (Anfol surasi, 48-sura). 5.  Shayton insonga muhim narsalarni unuttirishga harakat qiladi.  Alloh taolo shunday deydi:

وَقَالَ لِلَّذِي ظَنَّ أَنَّهُ نَاجٍ مِنْهُمَا اذْكُرْنِي عِنْدَ رَبِّكَ فَأَنْسَاهُ الشَّيْطَانُ ذِكْرَ رَبِّهِ فَلَبِثَ فِي السِّجْنِ بِضْعَ سِنِينَ 

ya’ni: “Ikkovidan xalos topuvchi deb hisoblagan (soqiyga Yusuf): «Xojang (Misr shohi) huzurida mening to‘g‘rimda gapir!» – dedi. Lekin shayton xojasiga aytishni unuttirdi. Natijada (Yusuf) bir necha yil zindonda qoldi” (Yusuf surasi, 42-oyat).

قَالَ أَرَأَيْتَ إِذْ أَوَيْنَا إِلَى الصَّخْرَةِ فَإِنِّي نَسِيتُ الْحُوتَ وَمَا أَنْسَانِيهُ إِلَّا الشَّيْطَانُ أَنْ أَذْكُرَهُ وَاتَّخَذَ سَبِيلَهُ فِي الْبَحْرِ عَجَبًا  

ya’ni: “U (Yuvsha’) aytdi: “Buni ko‘ring, biz (dengiz sohilidagi) qoyaga borib (orom olgan) paytimizda, men baliqni unutibman. (Buni sizga) aytishni faqat shayton yodimdan chiqardi. U (baliq) dengizga yo‘l olibdi, ajabo!” (Kahf surasi, 63-oyat). 6.  Shayton aka-uka, birodarlar o‘rtasiga dushmanchilik suqishga urinadi.  Qur’oni karimda shunday deyiladi:  “U (Yusuf alayhissalom) dedi: «Ey, otajon! Mana shu (ko‘p yil) ilgari ko‘rgan tushimning ta’biridir. Rabbim uni rost qildi. Darhaqiqat, u menga yaxshilik qildi – meni zindondan chiqardi, shayton men bilan akalarim orasini buzib ig‘vo qilganidan keyin, mana sizlarni sahrodan (Misrga sog‘-salomat holingizda) keltirdi” (Yusuf 100-oyat). 7. Shayton insonni ustidan hukmini o‘tkaza olmaydi, u faqat qiziqtiradi va inson unga ergashadi. Qur’oni karimda shunday deyiladi:

“Qachonki, ish bitgach (ya’ni jannat ahli jannatga, do‘zaxilar do‘zaxga hukm qilingach), shayton deydi: «Alloh sizlarga haq va’da qilgan edi. Men ham va’da berib, sizlarni aldagan edim. (Lekin) men uchun sizlarning ustingizdan hech qanday hukmronlik yo‘q edi, illo men sizlarni (kufr yo‘liga) chorladim. Sizlar menga ijobat etdingiz” (Ibrohim surasi, 22-oyat). 8. Isrof qiluvchilar shaytonning birodarlaridir. Alloh taolo shunday deydi:

إِنَّ الْمُبَذِّرِينَ كَانُوا إِخْوَانَ الشَّيَاطِينِ وَكَانَ الشَّيْطَانُ لِرَبِّهِ كَفُورًا

ya’ni: “Chunki, isrofgarlar shaytonlarning birodarlaridir. Shayton esa, Parvardigoriga nisbatan o‘ta noshukur edi” (Isro surasi, 27-oyat). 9. Shayton insonga yolg‘on va’dalar - g‘urur beradi. Qur’oni karimda shunday deyiladi:  “Ulardan kuching yetgan kimsani ovozing (vasvasang) bilan qo‘zg‘at, ularning ustiga otliq va piyoda (lashkaringni) tort, boyliklari va farzandlarida ularga sherik bo‘l (ularni haromdan orttirishga unda), ularga (yolg‘on) va’da ber!». Darhaqiqat, shayton ularga faqat aldov narsalarnigina va’da qilur” (Isro surasi, 64-oyat). 10. Shayton insonga kofir bo‘lishni buyuradi, kofir bo‘lgach esa, men sendan bezorman deb tashlab qochadi. Qur’oni karimda shunday deyiladi: 

كَمَثَلِ الشَّيْطَانِ إِذْ قَالَ لِلْإِنْسَانِ اكْفُرْ فَلَمَّا كَفَرَ قَالَ إِنِّي بَرِيءٌ مِنْكَ إِنِّي أَخَافُ اللَّهَ رَبَّ الْعَالَمِينَ 

ya’ni: “(Ular) xuddi shaytonning o‘xshashidirlar. Qaysiki, u insonga: «Kofir bo‘l!» – deydi. Bas, qachonki, (inson) kofir bo‘lgach, (shayton unga): «Men sendan bezorman. Zero, men (barcha) olamlar Parvardigori – Allohdan qo‘rqaman», – deydi (va insonni tark etadi)” (Hashr surasi, 16-oyat).

E’tibor berib qaralsa, shayton hiylalaridan qutilish yo‘llari mazkur oyatlarning ba’zilarida zikr qilingan. Ayrimlarining choralari esa boshqa oyat va hadislarda keladi. Tavfiq Allohdan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar