Meni tog‘am peshin namozidagi ikki rakat Sunnatni to‘rt rakat qilib o‘qiydilar. Shunday o‘qisa bo‘ladimi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Peshin namozidan avval to‘rt rakat va peshin namozidan so‘ng ikki rakat namoz o‘qish sunnati muakkadadir.
Ummu Habiyba roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Qaysi bir musulmon banda har kuni farzdan tashqari o‘n ikki rak’at ixtiyoriy namoz o‘qisa, albatta, Alloh unga jannatda uy qurib beradi», dedilar.
Ummu Habiyba: «Shundan keyin ularni doimo o‘qib kelmoqdaman», dedilar». Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmagan.
Termiziy: «Peshindan oldin to‘rt va keyin ikki rak’at. Shomdan keyin ikki rak’at, Xuftondan keyin ikki rak’at. Bomdoddan oldin ikki rak’at»ni ziyoda qilgan».
Ba’zi rivoyatlarda peshindan keyin ham to‘rt rakat sunnat namoz o‘qilishi kelgan.
Ummu Habiyba roziyallohu anhodan rivoyat: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim Peshindan oldingi to‘rt rak’atni va undan keyingi to‘rt rak’atni muhofaza qilsa, Alloh unga do‘zax o‘tini harom qiladi», dedilar». Sunan egalari rivoyat qilgan.
Sharh: Peshindan keyin ikki rak’at sunnat o‘qish ta’kidlangan qo‘shimcha namozlar ichida o‘tgan edi. Endi ta’kidlanmagan qo‘shimcha namozlar ichida uning o‘rnida to‘rt rak’at zikr qilinmoqda.
Bundan tashqari mo‘’tabar fiqhiy manbaalardan bo‘lmish “Fatovo Hindiya” da quyidagicha keltirilgan:
سن قبل الفجر وبعد الظهر والمغرب والعشاء ركعتان وقبل الظهر والجمعة وبعدها أربع
“Bomdodni farzidan oldin, Peshin, Shom va Xuftonning farzlaridan keyin ikki rak’at namoz o‘qish hamda Peshin va Jum’adan oldin va keyin to‘rt rak’at namoz o‘qish sunnat qilindi”. (1 jild, 112 bet) Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.