Assalomu alaykum, ustoz, yaxshimisiz? Namozni aslida sekin o'qish kerakmi yoki tez?
Vaalaykum assalom. Namozni aslida xotirjamlik va xushu'-xuzu bilan, sekin va shoshilmasdan o'qish kerak. Namozdagi har bir xatti-harakatni xotirjamlik bilan bajarish vojib hisoblanadi. Buning eng oz miqdori a'zolarni bir tasbeh aytish miqdoricha xotirjam tutish bilan o'lchanadi.
Namozda xushuni, ya'ni sokinlik va ibodatdan rohat olishni ketkazadigan har qanday holat makruh sanalib, tez o'qish ham shunday makruh holatlar qatoriga kiradi.
Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam hadislarida namozda shoshqaloqlik qiluvchi va shoshib o'qiydigan kishilar “namoz o'g'risi” deb atalgan. U Zot alayhissalom shunday deydilar:
اسوأ الناس سرقة الذي يسرق من صلاته لا يتم ركوعها ولا سجودها ولا خشوعها. رواه الإمام أحمدعن أبي قتادة رضي الله عنه
ya'ni: “Odamlarning ichidagi o'g'rilarning eng yomoni namozidan o'g'irlaydigan kishidir. U namozning ruku'si, sajdasi va xushu'sini to'liq qilmaydi”, - deganlar (Imom Ahmad rivoyatlari).
Payg'ambarimiz sallollohu alayhi vasallam bu hadisi sharifda ruku va sajdani shoshib, xotirjam holda bajarmagan kishini “namoz o'g'irisi”, deb nomlamoqdalar.
Ulamolarimiz ushbu hadis sharhida shunday deydilar: “O'g'ri ikki turli bo'ladi: Biri hammaga ma'lum mol o'g'risi, ikkinchisi hadisda kelgan savob o'g'risi. Birinchi xildagi o'g'ri shu dunyoning o'zida o'g'irlagan molidan foydalanib so'ng egasini rozi qilib, oxiratdagi jazodan qutilib qolishi mumkin. Ammo savob o'g'risi esa, o'zining savobini o'g'irlab, zimmasiga gunohni юklab, butkul zararda qoladi” (“Mirqotul-mafotih” kitobi).
Agar namozni tezroq o'qishga biror zarurat bo'lsa, buning joiz ko'rinishi faqatgina qiroatda qisqa suralarni o'qish bilan bo'lishi mumkin. Lekin namozni tez o'qiyman deb, ruku va sajdalarni haddan tashqari tez va shoshib qilish mutlaqo joiz emas. Vallohu a'lam.