Ayrim odamlar salom berishda "Assalomu alaykum va rahmatullohi va barokatuh va mag‘firotuhu" deb aytishadi yoki yozishadi. Shu ko‘rinishda salom aytish joizmi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Salom berishning ham chegarasi bo‘ladi. Eng go‘zal ko‘rinishi “Assalomu alaykum va rohmatullohi va barokatuh” lafzidir. Undan ko‘paytirilmaydi.
Imom Muhammad rahimahulloh “Inson “Assalomu alaykum va rohmatullohi va barokatuh” dan keyin to‘xtashi kerak. Zotan sunnatga ergashish afzaldir”, degan.
Fatovoi hindiyada shunday deyiladi:
وَالْأَفْضَلُ لَلْمُسَلِّمِ أَنْ يَقُولَ: السَّلَامُ عَلَيْكُمْ وَرَحْمَةُ اللهِ وَبَرَكَاتُهُ، وَالْمُجِيبُ كَذَلِكَ يَرُدُّ، وَلَا يَنْبَغِي أَنْ يُزَادَ على الْبَرَكَاتِ شَيْءٌ، قال ابن عَبَّاسٍ رضي اللهُ عنهما: لِكُلِّ شَيْءٍ مُنْتَهَى، وَمُنْتَهَى السَّلَامِ الْبَرَكَاتُ،
Afzali “Assalomu alaykum va rohmatullohi va barokatuh” deyishdir. Alik oluvchi ham shuni takrorlaydi. “Barokatuh” dan ziyoda qilmaydi. Ibn Abbos roziyallohu anhumo “Barcha narsaning oxiri bo‘ladi. Salomning oxiri “Barokat”dir”, deganlar. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.