Namozni azon va iqomat takbirini aytmay oʼqisa, namoz durust boʼladimi? Yana bitta savolim, Qurʼon oʼqish uchun yoki zikr aytish uchun tahoratni faqat farzini bajarsa tahorat durust boʼladimi?
Azon va iqomat besh vaqt farz namozlari uchun sunnatdir. Agar kishi azon va iqomatsiz namoz o‘qisa, namozining boshqa farz va vojiblarini to‘liq ado etgan bo‘lsa, namozi durust bo‘ladi. Biroq, ularni uzrsiz tark etish makruh sanaladi. Shunday bo‘lsada, mahallangiz masjidida o‘sha namoz uchun azon aytib bo‘lingan bo‘lsa, u holda siz aytishingiz shart emas.
Ikkinchi savolingizga kelsak, tahoratning faqat farzlarini bajarish, ya’ni, yuzni, ikki qo‘lni tirsaklari bilan yuvish, boshning to‘rtdan biriga mash tortish va ikki oyoqni to‘piqlari bilan yuvish bilan tahorat hosil bo‘ladi va u tarki sunnat bo‘lsa-da, durust sanaladi. Bunday tahorat bilan namoz o‘qish ham, mushafni ushlash ham mumkin. Zikr aytish yoki Qur’onni tilovat qilish uchun esa aslida tahoratli bo‘lish shart emas, lekin tahorat bilan zikr va tilovat qilish afzaldir. Ammo mushafni ushlash uchun albatta tahoratli bo‘lish shartdir.