Umrada ramal qilmasa nima bo‘ladi?
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Ramal – tavof vaqtida ko‘krakni kerib, qo‘llarni qimirlatib, oyoqlarni yaqin-yaqin tashlab, polvonlarga o‘xshab shiddat bilan yurishdir.
Ramal qilish tavofning sunnatlaridan biridir. U ortida sa’y bo‘lgan tavofning avvalgi uch aylanasida ado etiladi. Keyingi to‘rt aylanada ramal yo‘q, balki o‘z holatida yuriladi.
Ramal qilish erkaklar uchun sunnat, ayollar uchun emas. Ular oddiy holatda yuradi.
Ramalni hozirgi kunda odam ko‘p va tiqilinch bo‘lganda ham imkon boricha bajarishga harakat qilinadi. Chunki uni boshqa vaqt bajarib bo‘lmaydi yoki uning o‘rnini bosadigan muqobil amal ham yo‘q.
“Raddul muhtor” kitobida bu haqda shunday deyilgan:
وَرَمَلٌ فِي الثَّلَاثِ الْأُوَلِ فَقَطْ) وَلَوْ زَحَمَهُ النَّاسُ وَقَفَ حَتَّى يَجِدَ فُرْجَةً فَيَرْمُلُ
“Faqat avvalgi uch aylanadi ramal qilinadi. Agar tiqilinch bo‘lsa, bo‘sh joy ochilgunicha to‘xtab turadi. Joy ochilgach, ramalni davom ettiradi”.
“Bahrur roiq”da bu borada shunday deyilgan:
وَهُوَ بِقُرْبِ الْبَيْتِ أَفْضَلُ فَإِنْ لَمْ يَقْدِرْ فَهُوَ فِي الْبُعْدِ مِنْ الْبَيْتِ أَفْضَلُ مِنْ الطَّوَافِ بِلَا رَمَلٍ مَعَ الْقُرْبِ مِنْهُ
“Baytullohga yaqin joyda ramal bilan tavof qilish afzal. Agar buning imkoni bo‘lmasa, Baytullohdan uzoqda ramal bilan tavof qilish uning yaqinida ramalsiz tavof qilishdan ko‘ra afzaldir”.
Demak, sog‘lom va yosh ziyoratchilar tiqilinch holatlarda ulamolarning mana shu so‘zlariga amal qilib, tavofning barcha amallarini bekamu-ko‘st bajarsa, ulkan ajru savobga yetadilar. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.