UZOQQA BORISHNI QASD QILMAY SAFAR MASOFASINI BOSIB O‘TSA

ID: 44

04.04.2025

121

Savol:

Bir odam masalan, biror hojat uchun yoki qochib ketgan hayvonini qidirib, uyidan chiqdi. 20-30 kmlik masofaga bordi. U yerda ishi bitmay, yana yo‘lida davom etdi va safar masofasi (90 km)ni bosib o‘tdi. Shu odam musofir bo‘ladimi, namozlarini qasr qiladimi?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Bu odam musofir hisoblanmaydi, namozlarini to‘liq o‘qiydi. Masalan siz bir narsa ma’lum shaharda bo‘lsa kerak, deb qishlog‘ingiz yoki shahringizdan chiqdingiz. U yerda bu narsa topilmay, keyingi tuman yoki shaharga o‘tib-o‘tib, 100 km joyga ketib qoldingiz. Borguncha namozlarni to‘liq o‘qib borasiz. Chunki qishloq yoki shahringizdan chiqishda uch kecha-kunlik masofani qasd qilib yo‘lga chiqmagansiz. Ammo qaytishda safar masofasi bo‘lgani uchun shahar yoki qishlog‘ingizga kirguncha qasr o‘qiysiz. Agar safar masofasi (90 km)dan kam joyga borib qaytsangiz, borishda ham, kelishda ham to‘liq o‘qiysiz. 

Bu haqida “Durrul muxtor" va "Raddul muhtor" kitoblarida shunday deyilgan:

وَمَنْ طَافَ الدُّنْيَا بِلَا قَصْدٍ لَمْ يَقْصُرْ . الدر بِأَنْ قَصَدَ بَلْدَةً بَيْنَهُ وَبَيْنَهَا يَوْمَانِ لِلْإِقَامَةِ بِهَا فَلَمَّا بَلَغَهَا بَدَا لَهُ أَنْ يَذْهَبَ إلَى بَلْدَةٍ بَيْنَهُ وَبَيْنَهَا يَوْمَانِ وَهَلُمَّ جَرًّا . أَمَّا فِي الرُّجُوعِ فَإِنْ كَانَتْ مُدَّةَ سَفَرٍ قَصَرَ. الرد

Kim safar masofasini qasd qilmasdan dunyoni aylanib chiqsa ham, namozni qasr qilmaydi (ya’ni musofir bo‘lmaydi). Masalan, ikki kunlik yo‘ldagi joyda turishni qasd qilib, u yerga yetganda yana ikki kunlik yo‘ldagi joyga borish fikri tug‘ilsa (va u yerga borsa) musofir bo‘lmaydi. Lekin ortga qaytmoqchi bo‘lganda shahriga kirguncha safar masofasi (90 km) bo‘lsa, namozlarini qasr qiladi (ya’ni qaytishda musofir bo‘ladi). Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar