BU ISH SESHANBADAN CHORSHANBAGA O‘TAR KECHASI MUMKIN EMASMI?

ID: 203

04.04.2025

160

Savol:

Yaqinda nikoh to‘yim, shunga ba’zi birlar "er-xotin seshanbadan chorshanbaga o‘tar kechasi, jumadan shanbaga o‘tar kechasi jinsiy aloqa qilishi mumkin emas" deb aytishdi. Shu to‘g‘rimi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Dinimizda er-xotinlik aloqalarini ma’lum kunlarda man qiluvchi qat’iy ta’qiqlar yo‘q. Aksincha er-xotin bir-birlaridan doim bahra olishlari joizligiga dalolat qiluvchi dalillar bor. Alloh taolo marhamat qiladi:

 

نِسَاؤُكُمْ حَرْثٌ لَكُمْ فَأْتُوا حَرْثَكُمْ أَنَّى شِئْتُمْ وَقَدِّمُوا لِأَنْفُسِكُمْ

 

ya’ni: “Xotinlaringiz sizlar uchun ziroatgohdir. Bas, ziroatgohingizga xohlagan jihatingizdan kelaveringiz va o‘zingiz uchun (savobli ishlarni) taqdim etingiz...” (Baqara surasi 223-oyat)

 

Bu oyati karimada Alloh taolo ayollarni ziroatgohga o‘xshatadi. Dehqon hosil olish uchun o‘z yerining xohlagan tomonidan kelib ishlov berib, don sepib dehqonchilik qilaverganidek, erlar ham o‘z xotinlaridan farzand orttirish maqsadida xohlagan shaklda yaqinlik qilishlari mumkin. Qaysi tomondan kelsa ham aynan ziroatgoh qasd qilinishi kerak. (Shayx Abdulaziz Mansur)

 

Faqat shariatimiz ayollar hayz, nifos va ehrom holatida bo‘lgan paytlarida jinsiy yaqinlikni man qiladi. Qur’oni karimda shunday deyiladi:

 

وَيَسْأَلُونَكَ عَنِ الْمَحِيضِ قُلْ هُوَ أَذًى فَاعْتَزِلُوا النِّسَاءَ فِي الْمَحِيضِ وَلَا تَقْرَبُوهُنَّ حَتَّى يَطْهُرْنَ فَإِذَا تَطَهَّرْنَ فَأْتُوهُنَّ مِنْ حَيْثُ أَمَرَكُمُ اللَّهُ

 

ya’ni: "Sizdan hayz to‘g‘risida so‘ramoqdalar. Ayting: «U (er va xotin uchun) aziyatdir. Bas, hayz paytida xotinlaringizdan chetlaningiz va to poklanmagunlaricha, ularga yaqinlashmangiz! Poklanganlaridan keyin ularga Alloh buyurgan ravishda kelaveringiz (qovushaveringiz)….". (Baqara surasi 222-oyat).

Ehromli holatda jinsiy yaqinlik qilishdan quyidagi oyatda man qilingan:

فَمَنْ فَرَضَ فِيهِنَّ الحَجَّ فلا رَفَثَ ولا فُسُوقَ ولا جِدَالَ في الحَجِّ

ya’ni: “Bas, kim shu oylarda hajni o‘ziga farz qilsa (hajni niyat qilsa), haj davomida xotiniga yaqinlashish, gunoh-ma’siyat va janjal (kabi ishlarga ruxsat) yo‘q” (Baqara surasi 197-oyat)

Yuqoridagilarga qo‘shimcha ravishda er-xotin yoki ulardan biri farz ro‘zasini tutgan bo‘lsa yoki ulardan biri e’tikofda o‘tirgan bo‘lsa ham, jinsiy aloqa qilishi joiz emas. Chunki jinsiy aloqa ro‘zani ham, e’tikofni ham buzadi. 

Er-xotinlik aloqasi uchun ba’zi kun va vaqtlarning qulay yoki noqulayligi, foyda yoki zararliligi haqidagi tavsiyalar tibbiy xususiyatga ega. Ulardan foydalisiga amal qilgan yaxshi, mabodo amal qilmagan kishi ham gunohkor bo‘lmaydi. Vallohu a’lam.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar