Uyda quyon boqish mumkinmi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Mumkin. Imom Buxoriy rohimahulloh Anas raziyallohu anhudan rivoyat qilganlar. U zot (Anas roziyallohu anhu) Payg‘ambarimizga yoshligida o‘n yil dastyor xodim bo‘lgan. “Biz bolalar bilan bir quyonning iziga tushdik. Bolalar tuta olmasdan, charchashib ketib qolishdi. Men poylab o‘tirib, uni tutib olib, otam Abu Talhaning oldiga olib keldim. Otam uni so‘yib, bir sonini Payg‘ambar alayhissalomga mendan berib yubordilar. U zot uni qabul qilib oldilar", deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Shuningdek, fiqhiy manbaalarimizdan "Muxtasar al-viqoya”da: وَ حَلَّ الْأَرْنَبُ مَعَ الذَّكَوةِ – “Quyon “bismilloh” aytib so‘yish bilan halol bo‘ladi” deyilgan. Demak, quyon go‘shtini iste’mol qilish joiz ekan. Shundan kelib chiqib, iste’mloli halol bo‘lgan quyon kabi jonivorlarni uy sharoitida boqish ham mumkin bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.