Tavofdan keyin maqomi Ibrohim orqasida ikki rakat namoz o‘qish kerak ekan. Biz tavofni qilib bo‘lib, shu namozni o‘qishni unutib, Safo-Marvaga sa’y qilishga ketib qolibmiz. Ehromdan chiqqandan keyin namoz o‘qimaganimiz esga tushdi. Shu holda nima qilishimiz kerak bo‘ladi?
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Tavof namozini unutib o‘qimagan kishi, uni eslagan paytda o‘qib oladi. Masjidul haramda o‘qish afzal, buni imkoni bo‘lmasa, qayerda o‘qilsa ham durust bo‘ladi.
Bu namoz tavof qilgan insonning zimmasidan hech qachon soqit bo‘lmaydi. Hatto uni o‘qimagan kishi uyiga qaytgandan keyin eslasa, o‘qib qo‘yadi. Faqat nafl namoz o‘qish makruh bo‘lgan paytlarda o‘qimaydi.
وَالْمَشْهُورُ فِي عَامَّةِ الْكُتُبِ أَنَّ صَلَاتَهَا فِي الْمَسْجِدِ أَفْضَلُ مِنْ غَيْرِهِ ، وَفِي اللُّبَابِ : وَلَا تَخْتَصُّ بِزَمَانٍ وَلَا مَكَان وَلَا تَفُوتُ فَلَوْ تَرَكَهَا لَمْ تُجْبَرْ بِدَمٍ ، وَلَوْ صَلَّاهَا خَارِجَ الْحَرَمِ ، وَلَوْ بَعْدَ الرُّجُوعِ إلَى وَطَنِهِ جَازَ وَيُكْرَهُ
“Barcha kitoblardagi mashhur gap shuki, tavof namozini Masjidul haromda o‘qish boshqa joyda o‘qishdan afzaldir. “Lubob”da: “Tavof namozi biror vaqt va biror joyga xoslangan emas. Bu namoz hech qachon soqit bo‘lmaydi. Agar o‘qilmasa, qon vojib bo‘ldi, deyilmaydi. Agar haram hududidan tashqarida yoki vatanga qaytgandan keyin o‘qilsa ham, joiz bo‘ladi. Biroq bunday qilish makruhdir” deyilgan. (“Raddul muhtor”, “Lubobul manosik”). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.