ERKAK KISHI TILLA TAQSA BO‘LADIMI?

ID: 238

04.04.2025

392

Savol:

Bir tanishim erkak kishi tilla taqsa bo‘ladi, dedi. Men unga erkak kishi tilla, kumush taqishi makruh dedim. U esa buni hech qanaqa asosi yo‘q, dedi. Iltimos shuni aniq va hadis bilan tushuntirsangiz.

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Erkaklarga faqat kumush uzuk taqishga ruxsat berilgan. Ularning tilla uzuk taqishlari esa harom qilingan.  Zebu ziynatlar ayollarga halol qilingan, ularning tabiati shunga mos. Ularga ham tilla, ham kumush uzuk taqish durust. Bu hukmlar Payg‘ambarimiz alayhissalomning so‘zlari bilan asoslangan.

Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

عن النبي صلى الله عليه وسلم: أنه نهى عن خاتم الذهب. أخرجه البخاري ومسلم 

"Rasululloh sallallohu alayhi vasallam (erkaklarni) tillo uzuk taqishdan qaytardilar" (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).

Ali raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

 أَخَذَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّه عَلَيْهِ وَسَلَّمَ ذَهَبًا بِيَمِينِهِ، وَحَرِيرًا بِشِمَالِهِ، ثُمَّ رَفَعَ بِهِمَا يَدَيْهِ فَقَالَ: " هَذَانِ حَرَامٌ عَلَى ذُكُورِ أُمَّتِي" أخرجه أحمد والنسائي 

"Rasululloh sallallohu alayhi vasallam o‘ng qo‘llariga tillani, chap qo‘llariga ipakni oldilar. So‘ngra ikkalasi bilan ikki qo‘llarini yuqoriga ko‘tarib: “Bular ummatimning erkaklariga haromdir”, dedilar” (Imom Ahmad va Imom Nasoiy rivoyatlari).

Abdulloh ibn Abbos raziyallohu anhumadan rivoyat qilinadi:

أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّه عَلَيْهِ وَسَلَّمَ رَأَى خَاتَمًا مِنْ ذَهَبٍ فِي يَدِ رَجُلٍ، فَنَزَعَهُ فَطَرَحَهُ، وَقَالَ: " يَعْمِدُ أَحَدُكُمْ إِلَى جَمْرَةٍ مِنْ نَارٍ، فَيَجْعَلُهَا فِي يَدِهِ"، فَقِيلَ لِلرَّجُلِ بَعْدَ مَا ذَهَبَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّه عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: خُذْ خَاتِمَكَ انْتَفِعْ بِهِ؟ قَالَ: لَا وَاللَّهِ لَا آخُذُهُ أَبَدًا، وَقَدْ طَرَحَهُ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّه عَلَيْهِ وَسَلَّمَ" أخرجه مسلم  

"Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bir kishining tilla uzuk taqqanini ko‘rib, uning qo‘lidan yechib olib, tashlab yubordilar va “Sizlardan biringiz o‘tning cho‘g‘ini qasd qilib, qo‘liga taqadiya?!”, dedilar. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ketgach, boyagi kishiga uzugingni olib (sotib) foydalan, deyildi. U: “Allohga qasamki, hargiz uni olmayman, uni Rasululloh sallallohu alayhi vasallam tashlab yubordilar", dedi” (Imom Muslim rivoyatlari).

Erkaklarga tilla uzuk taqish haromligi borasida hech bir ulamo ixtilof qilmagan. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar