Menga bir do‘stim internetdagi a.i.f ilovasi orqali yuborilgan videolarga layk bosish orqali pul topishni tavsiya qildi. Bu ilovada pul topishning tartibi shuki, bu ilovada bir necha bosqich bo‘lib, birinchi bosqichni 50 dollarga, ikkinchi bosqichni 200 dollarga, uchinchi bosqichni 500 dollarga va keyingi bosqichlarni ham shunga o‘xshab ko‘tarilib borgan narxda sotib oladi. Bu ilova orqali daromad qilish uchun ishtirokchi ortidan odam qo‘shishi shart. Ortidan qo‘shgan odam qilgan to‘lovning 10% qo‘shuvchiga bonus sifatida beriladi. Uning ortidan qo‘shilgan kishi boshqa odam qo‘shsa, u qo‘shilgan kishi qilgan to‘lovining 5% ni ham birinchi kishiga bonus sifatida beriladi. Har bir bosqichda yuborilgan videolarga bosilgan layk uchun 0,5; 1; 2; 3... dollardan pul beriladi. Shunga o‘xshash dastur orqali pul topish mumkinmi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Hozirgi kunda internet tarmog‘ida odamlarni firibgarlik yo‘li bilan mablag‘larini o‘zlashtirish hamda nopok yo‘llar orqali pul topishning turli yo‘llari urchib ketgan. Ular bu maqsadda turli ilova va dasturlar ishlab chiqishgan bo‘lib, ular orqali pul topish shariatimiz ko‘rsatmalariga aslo to‘g‘ri kelmaydi. Chunki ularning ishlari sudxo‘rlikka asoslangan bo‘lishi bilan birga qimordan ham xoli emas. Har ikkisi ham botil yo‘l bilan pul topish sanalgani uchun, dinimiz ularni qat’iyan ta’qiqlagan.
Savolda aytib o‘tgan ilova va uning bosqichlariga e’tibor berilsa, u tarmoqli marketingning bir turidir. Tarmoqli marketing insonlarning molini nohaq yo‘llar bilan yeyishlikdan iborat. Shuning uchun ham uning barcha turlarini Saudiya Arabistoni Fatvo Kengashi, Al-Azhar universititeti professori Husayn Shahhata, Qatar davlat universititeti Islom shariati fakulteti professori Ali Muhyiddin va boshqa ko‘plab ko‘zga ko‘ringan tashkilot va ulamolar harom deb fatvo chiqargan.
Alloh taolo O‘zining Kalomida shunday marhamat qilgan:
"يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا لَا تَأْكُلُوا أَمْوَالَكُمْ بَيْنَكُمْ بِالْبَاطِلِ إِلَّا أَنْ تَكُونَ تِجَارَةً عَنْ تَرَاضٍ مِنْكُمْ وَلَا تَقْتُلُوا أَنْفُسَكُمْ إِنَّ اللَّهَ كَانَ بِكُمْ رَحِيمًا"
“Ey, mo‘minlar! Mol-mulklaringizni o‘rtada nohaq (yo‘llar) bilan yemangizlar! O‘zaro rozilik asosidagi tijorat bundan mustasno. Shuningdek, o‘zlaringizni (bir-biringizni) o‘ldirmangiz! albatta, alloh sizlarga rahm shafqatlidir” (Niso surasi, 29-oyat).
Barcha Islom ulamolariga ko‘ra, mazkur oyati karimadagi mol-mulklarni o‘rtada nohaq yo‘llar bilan yeyishlikka qimor, sudxo‘rlik, tovlamachilik, o‘g‘rilik va yolg‘on gapirib savdo qilish kabi barcha noshar’iy ko‘rinishdagi bitimlar kiradi.
Bundan tashqari kishi “layk” bosish uchun mazkur ilovalarni ochib, undagi videolarni tomosha qilishligi vaqtni behuda sarflash, ya’ni umrni isrof qilish hisoblanadi. Musulmon uchun Alloh bergan umrni na dunyosiga va na oxiratiga foyda bermaydigan ishlar bilan band qilib o‘tkazishi katta xatodir va buning uchun qiyomatda afsus-nadomatlar qiladi. Bu haqida hadisi sharifda bunday deyilgan:
عَنْ مُعَاذِ بْنِ جَبَلٍ قَالَ : لاَ تَزُولُ قَدَمَا عَبْدٍ يَوْمَ الْقِيَامَةِ حَتَّى يُسْأَلَ عَنْ أَرْبَعٍ : عَنْ عُمُرِهِ فِيمَا أَفْنَاهُ، وَعَنْ جَسَدِهِ فِيمَا أَبْلاَهُ، وَعَنْ مَالِهِ مِنْ أَيْنَ اكْتَسَبَهُ وَفِيمَا وَضَعَهُ، وَعَنْ عِلْمِهِ مَاذَا عَمِلَ فِيهِ
Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qiyomat kuni banda to‘rt narsadan so‘ralmaguncha oyoqlari o‘rnidan siljimaydi: umrini nimaga sarflagani, tanasini nima bilan qaritgani, boyligini qayerdan topib, qayerga ishlatgani va ilmiga qanday amal qilgani”, dedilar. (Sunani Dorimiy). Musulmon kishi bularning o‘rniga dunyosiga, yurt obodligiga hamda oxiratiga manfaat beradigan ishlar bilan shug‘ullanishi maqsadga muvofiq. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.