Tahorat qilgani ketib turganimda azon chaqirib qoladi. Shu vaqtda o‘tirib azonni tugashini kutishim kerakmi yoki tahoratga shoshilish kerakmi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Alloma Ibn Obidin "Tuhfa" nomli kitobdan bu haqida quyidagilarni naql qilib keltiradilar:
وينبغي للسامع ان لا يتكلم ولا يشتغل بشي في حالة الاذان والاقامة
Ya’ni: “Azon va iqomatni eshitayotgan kishi bu asnoda zaruratsiz gapirmasligi va biror ish bilan chalg‘imasligi lozim bo‘ladi" ("Raddul muhtor").
Sizning holatingizda agar azondan keyin bemalol tahorat olib jamoatga yetishish imkoni bo‘lsa, azon aytilganda to‘xtab azon kalimalariga javob qilganligingiz afzal bo‘ladi. Azondan so‘ng jamoatga yetishish imkoni kam bo‘lsa, tahorat olishga harakat qilishingizda zarar yo‘q. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.