Azada ayollar mayyitga tahlil tushirib o‘tirishadi, buni mayyitga savobi yo‘q deyishgan. Ammo mayyit g‘usl qildirilmasdan oldin Qur’on o‘qisa bo‘ladimi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Albatta, azada erkagu ayol mayyitning haqqiga istig‘for aytib, zikr va tahlillar aytib, savobini bag‘ishlashi, imkon qadar uning haqqiga duo qilib turishining mayyitga foydasi bor. Chunki bu ishlar savobli amallardir. Faqat ushbu zikru duolarni maxfiy aytishi, baqir-chaqir qilmasligi lozim bo‘ladi.
Ko‘pchilik fuqaholarimiz mayyitning huzurida, toki u yuvilmaguncha, Qur’on tilovat qilishni makruh ekanini aytganlar. "Bahrur-roiq" kitobida shunday deyilgan:
أَقُولُ : الَّذِي رَأَيْته فِي النُّتَفِ إلَى أَنْ يُرْفَعَ إلَى الْغُسْلِ ، وَهَكَذَا نَقَلَهُ عَنْهَا الْقُهُسْتَانِيُّ لَكِنَّ عِبَارَةَ الزَّيْلَعِيِّ تُكْرَهُ الْقِرَاءَةُ عِنْدَهُ حَتَّى يُغَسَّلَ . قَالَ فِي شَرْحِ الْمُنْيَةِ لِابْنِ أَمِيرِ حَاجٍّ قَالُوا وَتُكْرَهُ الْقِرَاءَةُ عَلَيْهِ بَعْدَ مَوْتِهِ حَتَّى يُغَسَّلَ
"An-Nutaf" fatvo kitobida "Mayyit g‘usl uchun ko‘tarilgunicha uni huzurida qiroat qilish makruh bo‘ladi", deb yozilganini ko‘rdim. Qo‘histoniy ham undan shunday naql qilgan. Lekin Zaylaiyning iborasiga ko‘ra esa: "Mayyitni yuvilmaguniga qadar uni huzurida qiroat qilish makruh bo‘ladi", deyilgan. Ibn Amir Al-Hoj "Sharhul munya"da: "Fuqaholarimiz, mayyit to yuvilmaguniga qadar unga Qur’on o‘qish makruh bo‘ladi, deyishgan", — degan".
Lekin Alloma Sayyid Ahmad Tahtoviy va Alloma Ibn Obidin kabi keyingi davr muhaqqiq olimlari ushbu makruhlik umumiy emasligini ta’kidlashgan. Ularga ko‘ra, mayyit to‘liq o‘ralgan bo‘lsa yoki Qur’on o‘quvchi undan uzoqda bo‘lsa yoki o‘rtada to‘siq bo‘lsa yoki Qur’onni maxfiy o‘qisa, mayyit yuvilgunicha ham makruh bo‘lmaydi. ("Tabyinul haqoiq", "Bahrur roiq", "Raddul muhtor", "Fatovoi hindiya" va "Kuvayt fiqh entseklopediyasi" kitoblari). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.