Assalomu alaykum hurmatli ustozlar savolim shuki bir odam ertaroq masjidga borsa savobi ko‘proq bo‘ladi, to‘g‘ri. Lekin kishi ayrim oilaviy tashvishlar va uzrli sabablar bo‘lib kech borib namoz uqib qaytsa birinchi safdagi nomozxon bilan ohirgi safdagi nomozxonng nomozidagi savobi qanday yoki qancha bo‘ladi assalomu alaykum va raxmatuloxuu va barakatuh
Shubhasiz, shariatimizda jamoat namoziga, xususan, uning avvalgi safiga shoshilishga ulug‘ fazilatlar va’da qilingan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Agar odamlar azon aytish va birinchi safda turishdagi savobni bilganlarida, so‘ng qur’a tashlashdan boshqa iloj topa olmaganlarida, albatta, qur’a tashlagan bo‘lardilar», deya marhamat qilganlar (Muttafaqun alayh). Bu – har bir mo‘min intilishi lozim bo‘lgan ishdir.
Biroq, bandaning shar’iy uzr sababli bir amaldan qolishi uning ajridan butunlay mahrum bo‘lishini anglatmaydi. Mo‘’tabar fiqhiy manbalarda bu masalaga oid muhim bir qoida zikr etiladi. Jumladan, "Hoshiyatut Tahtoviy" kitobida ta’kidlanganidek: «Agar bir kishi uzr sababli jamoatdan qolsa-yu, niyati o‘sha uzr bo‘lmaganida jamoatga hozir bo‘lish bo‘lsa, unga jamoatning savobi hosil bo‘ladi».
Bu hukm dinimizning poydevori bo‘lgan hadislaridan biri – «Albatta, amallar niyatlarga bog‘liqdir va har bir kishi uchun niyat qilgani bo‘ladi...» (Muttafaqun alayh) – degan nabaviy ko‘rsatmaga asoslangandir. Shunga ko‘ra, garchi banda uzri sababli birinchi safga yetisha olmasa-da, Alloh taoloning fazlu karamidan umid qilinadiki, uning xolis niyati va ishtiyoqi sababli jamoat namozi va birinchi safning to‘liq ajridan benasib qolmaydi.