Men Gulistonda yashayman. Toshkentda o‘qiyman. Toshkentga o‘qishga borganimda ba’zida bir hafta, ba’zida ikki hafta, ba’zida 15 kundan ko‘p qolaman. Aytmoqchi bo‘lganim ma’lum muddatni qasd qilib bormayman, vaziyatga qarab, uyga qaytib qolishim mumkin. Toshkentga borganimda qancha vaqt qolishimni bilmasam, namozlarimni qanday o‘qiyman?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Bir shaxs safar qilib borgan joyida qancha turishini aniq bilmasa, toki o‘z yurtiga qaytmagunicha namozlarini qasr qilib o‘qiydi. Bu haqda mashhur vatandoshimiz Burhoniddin Marg‘iloniy rahimahulloh shunday deganlar:
ولا يزال على حكم السفر حتى ينوي الإقامة في بلدة أو قرية خمسة عشر يوما أو أكثر وإن نوى أقل من ذلك قصر
“Kishi biror shahar yoki qishloqda o‘n besh yoki undan ko‘p kun turishni niyat qilmagunicha (shu shahar yoki qishloqda) musofir bo‘lib turaveradi. Agar undan kam muddatni niyat qilsa, namozlarini qasr qilib o‘qiydi” ("Hidoya" kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.