Men yaqinda kvartiramni almashtirdim. Xonadoshlarimda 4 kishi namoz o'qishadi. Biz bir xonada turamiz. Masjid uzoq bo'lganligi uchun kvartirda namoz o'qishar ekan. Ammo barchasi alohida-alohida o'qiydi. "Nega unday alohida o'qiysizlar?" desam, "O'zimni namozim mukammal emas, imomlikka o'tsam, boshqalar uchun ham gunohkor bo'lishimni xohlamayman", deyishdi. Men ham hozir alohida o'qiyapman. Ularga aytarli jamoat bo'lib o'qish yaxshi ekanligi haqida etarlicha isbot topa olmadim. Savolim: namozni xato qilishdan qo'rqib, yolg'iz namoz o'qisa bo'ladimi?
Yo'q, bunday o'y-fikr va xavotir shaytonning hiylasidan boshqa narsa emas. Kishi avvalo namozini yaxshi o'rganib olishi va imkon boricha jamoat bo'lib namoz o'qishga harakat qilishi lozim. Jamoatni tark qilib, namozni yakka-yakka o'qish haqida hadisi sharifda bunday deyilgan:
Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam: «Qishloqdami, sahrodami uch kishi bo'lsaю ular ichida jamoat namozi qoim qilinmasa, albatta shayton ularga ega chiqar. Jamoatni lozim tut, chunki bo'ri yolg'iz qolgan qo'yni eydi», dedilar». (Abu Dovud, Nasoiy va Ahmad rivoyat qilgan).
Boshqa bir hadisi sharifda jamoat bilan namoz o'qishning fazilati haqida bunday deyilgan:
Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Jamoat namozi yolg'iz namozdan (ya'ni yolg'iz o'quvchining namozidan) yigirma etti daraja ortiqdir», deganlar. (Imom Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan).
Kim oddiy tijoratda 27 barobar foydani ko'ra-bila turib, arzimas qo'rquv sabab undan voz kechadi? Mo'min kishi oxirat savdosida bunday ulkan ajrdan quruq qolmasligi kerak. Orangizdan namoz hukmlarini yaxshiroq biladiganingiz imomlikka o'tsin, qolganlaringiz unga ergashsinlar. Vallohu a'lam.