Namoz o‘qib kelayotgandim uydagilarim o‘qishni to‘xtatishdi. Tushuntirishlarimga qaramay baribir to‘xtatishdi. Ularga namozni bandaga qanchalik muhim ekanligini tushuntirishlarimga qaramay foydasi bo‘lmadi. Yana boshlash uchun nima qilishim kerak? alloh rozi bo‘lsin sizdan iltimos menga maslahat bering, hatto qazo qilib o‘qishgayam ruxsat berishmayapdi.
Bismillahir rohmanir rohiym.
Alloh taolo ularga insof bersin. Namoz dinimizda naqadar ulug‘ ibodat ekanini ularning qalblariga solsin.
Namoz dinimizning asosiy ustunlaridan biri hisoblanadi. Qur’oni karimning bir necha o‘rnida namozni ado etishga, qoim qilishga buyurilgan. Fiqhiy kitoblarimizda namoz katta qismni egallaydi. Bularning namozning naqadar muhim ekaniga dalolat qiladi.
Farz ibodatlar qat’iy dalillar bilan sobit bo‘lgan va ularni bajarishda o‘zgadan izn olinmaydi. Chunki Alloh taolo farz qilganini bekor qiluvchi yo‘q.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam hayotlari davomida namozga katta ahamiyat berganlar, hatto umrlarining so‘nggi daqiqalarida ham namozga mustahkam bo‘lishni qayta-qayta tayinlaganlar.
Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam vafotlaridan oldin kasal bo‘lganlarida: “Namozni (mahkam ushlanglar), qo‘l ostingizdagilar (rioyasini qilinglar)”, dedilar, tillari harakatlanmay qolgunicha shu so‘zlarni qaytaraverdilar (Ibn Moja, Ahmad, Abu Ya’lo rivoyati. Rivoyat sanadi sahih).
Agar ular ko‘nmasa, ular ko‘rmaydigan qilib namoz vaqtlariga rioya qilgan holda turli vaqtlarda ado qilib yuring. Ko‘chaga chiqib masjidlarda ham ado eting. Shunday qilib ado etib yursangiz, o‘zingiz uchun ham, ular uchun ham yaxshilik qilgan bo‘lasiz. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.