MASHINADA O'TIRIB UXLASH

ID: 4939

09.12.2025

485

Savol:

Uyqu tahoratni buzadi buni bilamiz, lekin bir inson suyanib uxlash tahoratni buzzmaydi deb qoldilar. Biz ko'p mashinada yuramiz uydan erta tahorat bilan chiqib ketamiz va mashina ko'p yurgani uchun mashinada biroz uxlab qolamiz. Shu o'rinda mashinada o'tirib uxlab qolganda tahorat buziladimi? Javob uchun oldindan rahmat.

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim. O'tirib uxlashning bir necha xil ko'rinishlari bor. Ba'zilarida tahorat sinadi, ba'zilarida sinmaydi.

Chordana qurib o'tirib, yoki ayollarning o'tirish (oyog'ini bir tomondan chiqarib, ketini erga qo'yib o'tirish)idek o'tirib uxlaganda tahorat sinmaydi.

Bir kishi o'tirib uxlab, egilib-egilib ketsa, gohida keti erdan uzilsa, Shamsul aimma Halvoniy aytadilar: "Mazhabning zohiriga ko'ra bu holat tahoratni sindirmaydi". Bir kishi o'tirib uxlab, юzi bilan yo yonboshi bilan yiqildi, yiqilishidan avval, yo yiqilayotganda, yo yiqilgandanoq uyg'onsa, tahorati sinmaydi. Yiqilgandan keyin biroz uxlagan holda qolib, keyin uyg'onsa, tahorati sinadi. Oldinga egilibroq, tovoniga ketini qo'yib o'tirib uxlasa, unga tahorat qilish shart emas.

Bir narsaga suyanib uxlayotgan odamni (farazan) suyangan narsasi olib tashlansa, yiqilib keti erdan uzilsa, hech shubhasiz tahorati sinadi, keti erdan uzilmasa, sahih so'zga ko'ra tahorati sinmaydi. Bu holatlarda uyqu g'olib kelishi yoki o'zi qasddan uxlashining farqi yo'q ("Fatvoi hindiya" kitobi).

Demak, 1-2 daqiqalik o'tirib uxlash, agar yiqilib uxlab qolmasa, tahoratni buzmaydi. Vallohu a'lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar