SAFAR OYI HAQIDA

ID: 993

04.04.2025

173

Savol:

Safar oyida to‘y qilsa bo‘ladimi? Iltimos shu haqida ma’lumot bersangiz.

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

 Shariatimizda Safar oyida to‘y qilib bo‘lmaydi, degan ko‘rsatma yo‘q. Aksincha, bu oyda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam Xadicha onamizga, Hazrati Ali raziyallohu anhu esa Fotima onamizga to‘y qilib, uylanganlar.

     Aslida ma’lum bir oyni fazilatli yo xosiyatsiz, deyish uchun dinimizning mo‘’tabar sanalgan manbalaridan dalil kerak bo‘ladi. Qur’oni karim va hadisi shariflarda Safar oyining xosiyatsiz ekani to‘g‘risida ma’lumot uchramaydi. Demak, hech bir dalilsiz Safar oyidan shumlana olmaymiz. Har bir kun Alloh taoloning kunidir. Unda yaxshilik ham, yomonlik ham taqdir qilingan bo‘lishi mumkin. Banda ibodat, savob ishlar bilan band bo‘lgan kun va oylar fazilatli, gunoh va razil ishlar bilan shug‘ullangan kunlar uning uchun xosiyatsiz vaqtlardir.      Darhaqiqat, johiliyatda odamlar Safar oyidan shumlanishardi. Bu oyda safarga chiqishmas va nikoh ham qilishmasdi. Payg‘ambarimiz alayhissalom bu oydan shumlanishdan qaytarib, shunday dedilar:

" لَا عَدْوَى وَلَا صَفَرَ وَلَا غُولَ" (رواه الامام مسلم عن جابر رضي الله عنه)

ya’ni: “Kasallikning yuqishi yo‘q, Safar(dan shumlanish) yo‘q va jinlarning adashtirishi yo‘q” (Imom Muslim rivoyati).      Johiliyatda kasallik yuqishi haqida har xil xurofotlar bo‘lgan. Islom dini esa uni rad qilib, kasallik Alloh taolo xohlasagina yuqadi, degan aqidani mustahkamladi. Lekin dinimiz bu bilan kasallikdan ehtiyot choralarini ko‘rishdan qaytarmaydi. “G‘ul” – johiliyat ahli tasavvuridagi bir jin bo‘lib, ular uni “Turli shakllarga kira oladi, odamlarni adashtirib, turli balolarga uchratadi”, – degan e’tiqodni qilishar edi. Islom bu noto‘g‘ri e’tiqodni ham rad etdi.       Dinimizda “Safar” oyidan shumlanilmaydi. Islomdan avvalgi davrda johiliyat ahli: “Safar oyida safar qilib bo‘lmaydi, u bo‘lmaydi, bu bo‘lmaydi”, deyishar edi. Islom bunday bo‘lmag‘ur e’tiqodlarni ham rad etdi.  Islom tarixiga nazar soladigan bo‘lsak, ko‘plab g‘azot, fath, safarlar hamda nikoh to‘ylari aynan ushbu oyda bo‘lib o‘tgan. Jumladan, Payg‘ambarimizning Makkadan Madinaga hijrat qilishlari, U Zot alayhissalomning birinchi g‘azotilari bo‘lmish – “Abvo” g‘azoti, “Zi Amr” g‘azoti, "Haybar" fathi va hakozo.       Demak, Safar oyidan shumlanish johiliyat odatlaridan. Bu oyda ham boshqa oylardagi kabi safar, tijorat va to‘y qilish mumkin. Dinimizda bu boradi hech qanday ta’qiq yo‘q. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar