TABIIY BOYLIKLARDAN O‘G‘RINCHA FOYDALANISHNING HUKMI

ID: 578

04.04.2025

50

Savol:

Xalq ichida bitta yarim ko‘ramiz, eshitamiz davlatni tabiiy boyliklaridan o‘g‘rilik yo‘li bilan foydalanishayotganini. Misol uchun gazni hisoblagichidan o‘tkazmay o‘g‘rincha yo‘l bilan gazni yoqib pul to‘lamasa shuni hukmi qanday?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Azhari Sharifning tadqiqotchilaridan biri Hasan Xalil aytadi: “Elektr energiyasini o‘g‘irlash turlarining barchasi shar’an haromdir. Chunki elektr energiyasi qiymatga ega bo‘lgan moldir. Shuning uchun elektr energiyasidan shar’iy yo‘l bilan foydalanish vojibdir. Noshari’y yo‘llar bilan foydalanish o‘g‘rilik hisoblanadi. Payg‘ambarimiz alayhissalom aytadilar:

وَالْإِثْمُ مَا حَاكَ فِي صَدْرِكَ وَكَرِهْتَ أَنْ يَطَّلِعَ عَلَيْهِ النَّاسُ" رواه مسلم

"Gunoh – bu qalbingda ikkilanish, halovatsizlik bo‘lgan va odamlar undan xabardor bo‘lishlarini yoqtirmagan narsangdir”. (Imom Muslim rivoyati)

Elektr energiyasi yoki tabiiy gazdan noshar’iy yo‘llar bilan foydalanayotgan inson odamlardan yashirincha harakat qiladi. Ularning xabardor bo‘lishlaridan qo‘rqadi.

Yana Payg‘ambarimiz alayhissalom:

قال ﷺ:  المسلمون على شروطهم، إلا شرطا حرم حلالا أو أحل حراما (الترمذي)

“Musulmonlar o‘zaro kelishgan shartlariga ko‘radirlar. Haromni halol qilgan yoki halolni harom qilgan shartlar bundan mustasno” deganlar. (Termiziy rivoyati)

Demak fuqarolar davlat bilan tabiiy boyliklardan foydalanishda o‘zaro shartlarga kelishganidan so‘ng o‘sha shartlarga amal qilishi lozimdir.

Davlatning tabiiy boyliklaridan o‘g‘irlik yo‘li bilan foydalanib, uning to‘lovini bermayotganlar albatta shari’y jihatdan gunohga qo‘l urayotganlar va xalq mulkiga-omonatga xiyonat qilayotganlar hisoblanadi.

Alloh taolo Moida surasining birinchi oyatida quyidagicha marhamat qiladi:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا أَوْفُوا بِالْعُقُودِ  

"Ey, imon keltirganlar! Bitimlar (ahdlar)ga vafo qilingiz!" (Moida surasi 1-oyat).

Xulosa shuki, xalq mulkini yoki davlat mulkini nohaq o‘zlashtirish shar’an haromdir. O‘zganing haqqini haromligiga doir oyat va hadislar bunga to‘liq muvofiq tushadi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar