"Fiqhul akbar" kitobida shunday deyilgan: "Qur’on Alloh taoloning kalomi mushaflarda yozilgan, qalblarda yod olingan, tillarda qiroat qilingan, Muhammad alayhissalotu vassalomga nozil qilingan va Qur’onni talaffuz qilishimiz maxluqdir, uni yozishimiz maxluqdir, uni qiroat qilishimiz maxluqdir va Qur’on maxluq emasdir".
Qur’oni karim bu – Alloh taoloning payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga nozil qilgan, tillarda o‘qilgan, dillarda yod olingan, mushaflarda yozilgan, tilovati ibodat sanalgan Kalomidir.
U ikki qismga bo‘linadi:
- Kalomi nafsiy ya’ni Alloh taoloning zotida qoim turuvchi azaliy va qadim sifati bo‘lib, u Alloh taoloning o‘zi kabi azaliy va abadiydir. Kalomi nafsiyni eshitish mumkin emas. Chunki u tovush va harflar, yoki lug‘atlardan tashkil topmagan.
- Kalomi lafziy. U Alloh taoloning kalomi nafsiysiga dalolat qiluvchi kalom bo‘lib, u tovush va harflardan, shuningdek lug‘atlardan tashkil topgan. Shunga ko‘ra, kalomi lafziy hodis, ya’ni keyin paydo bo‘lgan. Chunki Qur’oni karim arab tilida nozil qilingan bo‘lgan. Arab tili ham boshqa tillar kabi keyin paydo bo‘lgan. Alloh taoloning kalomi nafsiysi esa keyin paydo bo‘lmagan. Masalan, bir kishi «Olov» desa, zehnimizda yonib turgan gulxan tasavvuri hosil bo‘ladi. Har bir millat olovni o‘z tilida turlicha bayon qiladilar. Masalan arablar uni «Nor» deb ataydilar. Lekin bu olovning o‘zi emas. Balki unga dalolat qiluvchi so‘zlardir. Olovning o‘zi esa mutlaqo boshqa narsadir. Xuddi shu kabi biz o‘qiyotgan Qur’oni karim Alloh taoloning kalomi nafsiysiga dalolat qiluvchi so‘z va gaplardan tashkil topgan kalom bo‘lib, u arab tilida nozil qilingan. Ma’lumki, arab tili va undagi tovush va harflar keyin paydo bo‘lgan. Alloh taoloning kalomi esa qadim va yaratilmagan. Balki azaliy va abadiydir. Shunga ko‘ra, Qur’oni karimdan Alloh taoloning nafsiy kalomi nazarda tutilsa, u uning zotida qoim azaliy sifati tushuniladi. Ammo qachonki, u bandalar tomonidan tilovat qilinsa, yoki mushaflarga yozilsa, yoki qalblarda yod olinsa, u holda kalomi lafziy tushiniladi va bularning barchasi bandalarning fe’llari bo‘lgani uchun, ular ham yaratilgan deyiladi. («Al-badrul-anvar sharhul-fiqhil-akbar»).
Qur’oni karim dastlab «Lavhul-mahfuz»dan dunyo osmonidagi «Baytul-izzat» (Izzat uyi) deb nomlangan joyga Ramazon oyining qadr kechasida bir butun mushaf shaklida nozil qilingan. So‘ng mazkur «Baytul-izzat»dan Jabroil farishta alayhissalom orqali yigirma uch yil muddat ichida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga oyat va suralarga bo‘lingan holda nozil qilingan. Zero, hatto Jabroil farishtaga ham bevosita «Lavhul-mahfuz»ga chiqib, uni o‘qishga ruxsat berilmagan. Tavfiq Allohdan.