Qarzlardan qutulish va ishlar rivoji uchun eng maqbul duolar va amallar haqida ma’lumot bersangiz.
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Qarzdan qutilish choralari – Allohning ibodatida bardavom bo‘lish, sabablarga kirishib, Razzoqu Qodir bo‘lgan zotdan duo qilib so‘rash.
“Bir kuni pul evaziga ozodligini sotib olmoqchi bo‘lgan mukotab qul Ali raziyallohu anhuning oldiga kelib:
إني قد عجزت عن كتابتي فأعني قال ألا أعلمك كلمات علمنيهن رسول الله صلي الله عليه وسلم؟ لو كان عليك مثل جبل ثبير دينا أداه الله عنك قل اللهم اكفني بحلالك عن حرامك وأغنني بفضلك عمن سواك (رواه الإمام الترمذي)
ya’ni: “Men kelishilgan mablag‘ni topib berishdan ojiz bo‘ldim. Menga yordam bering», dedi. Ali raziyallohu anhu: «Senga Rasululloh sallallohu alayhi vasallam menga o‘rgatgan kalimalarni o‘rgatib qo‘yaymi? Agar zimmangda Sabiyr tog‘icha qarz bo‘lsa ham, Alloh undan seni qutqaradi. «Allohumma! Ikfinii bihalolika an haromika va ag‘ninii bifazlika amman sivoka», - degin» (Imom Termiziy rivoyatlari).
Sabiyr – YAmandagi bir tog‘ning nomi.
Duoning ma’nosi: «Allohim! Menga haloling ila haromingdan kifoya qilgin. O‘z fazling ila meni o‘zingdan boshqalardan behojat qilgin».
Kim ushbu duoni ixlos bilan farz namozlardan keyin o‘qib yursa, Alloh taolo unga qarzini uzishda yordam beradi. Bu mavzuda Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
من كانت له إلي الله حاجة أو إلي أحد من بني آدم فليتوضأ فليحسن الوضؤ ثم ليصل ركعتين ثم ليثن علي الله وليصل علي النبي صلي الله عليه وسلم ثم ليقل لا إله إلا الله الحليم الكريم سبحان الله رب العرش العظيم الحمد لله رب العالمين أسألك موجبات رحمتك وعزائم مغفرتك والغنيمة من كل بر والسلامة من إثم لا تدع لي ذنبا إلا غفرته ولا هما إلا فرجته ولا حاجة هي لك رضا إلا قضيتها يا أرحم الراحمين (رواه الامام الترمذي والامام ابن ماجه عن عبد الله بن أوفي رضي الله عنه)
ya’ni: «Kimning Allohga va Odam bolasidan birortasiga hojati bo‘lsa, yaxshilab tahorat qilsin, so‘ngra ikki rak’at namoz o‘qisin. Keyin Allohga sano va Nabiy sallallohu alayhi vasallamga salavot aytsin. So‘ngra: «Laa ilaha illa Allohu Haliymul Kariym. Subhana Allohi Robbil arshil aziym. Val Hamdu lillahi robbil alamiyn. As’aluka mujibaati rohmatika va azaaima mag‘firatika. Val g‘aniymata min kulli birrin. Vas-salamata min kulli ismin. Laa tada’ lii zanban illa g‘afartahu va hamman illa farrajtahu. Va laa hajatan hiya laka rizon illa qozaytaha. Yaa Arhamar rohimiyn!» desin», dedilar». (Imom Termiziy va Imom Ibn Mojalar rivoyat qilishgan).
Duoning ma’nosi: «Halimu Karim Allohdan o‘zga hech bir iloh ma’bud yo‘q. Ulug‘ Arshning Rabbi Alloh pokdir. Olamlarning Rabbi Allohga hamdlar bo‘lsin. Men Sendan: rahmatingni vojib qiluvchi, mag‘firatingni taqozo qiluvchi narsalarni va har bir yaxshilikdan g‘animatni, har bir yomonlikdan salomat bo‘lishni so‘rayman. Mening hech bir gunohimni qo‘ymay mag‘firat qilgin, hech bir g‘amimni qo‘ymay kushoyish qilgin, O‘zing rozi bo‘lgan hech bir hojatimni qo‘ymay, albatta chiqargin. Yo Arhamar rohimiyn».
Imom Ibn Hajar rahimahulloh: «Bu namozni shanba kuni sahar chog‘i o‘qib, talabi hojat qilish mandubdir, chunki Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar: «Kim shanba kuni ertalab talabi hojat qilsa, talabi hal bo‘ladi. Uning hojati ravo bo‘lishiga men zominman», - degan. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.