IKKI HARAMDA JANOZA NAMOZI

ID: 166

04.04.2025

554

Savol:

Umra yoki hajga borilganida deyarli har namozdan keyin janoza o‘qilar ekan. Shu haqida tushuncha bersangiz. Ayollar ham shu namozda ishtirok etishlari mumkinmi?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Siz aytgandek Masjidul haromda ham, Masjidi nabaviyda ham farz namozlari ortidan janoza namozlari o‘qiladi. Odatda farz namoz tugagandan keyin janoza e’lon qilinadi. Agar peshin, shom va xufton kabi ortida sunnat namozi bo‘lgan namozlardan keyin e’lon qilinsa, farzdan keyin janozani o‘qib, undan keyin farzning sunnatini o‘qiydi. Hanafiy mazhabi bo‘yicha janoza namozida xuddi boshqa namozlar singari ikki tomonga salom beradi.

Fiqhiy kitoblarda ayollarning jamoat namoziga qatnashishlari makruhligi fitna xavfi bo‘lishi tufayli ekani aytilgan. Masjidul harom va Masjidun nabaviyda ayollar uchun maxsus joylar ajratilgani uchun mazkur joylarda jamoat namoziga, xususan, janoza namoziga qatnashishi mumkin bo‘ladi.

فالأفضل لها ما كان أستر لها، لا فرق بين الفرائض وغيرها كالتراويح إلا صلاة الجنازة، فلاتكره جماعتهن فيها؛ لأنها لم تشرع مكررةً 

“Ayol kishi uchun eng afzal holat satrliroq bo‘lgan holatda namoz o‘qishidir. Bunda farz va tarovih kabi boshqa namozlarda farqi yo‘q. Biroq janoza namozi bundan mustasnodir. Ayollar janoza namozida qatnashishi makruh emas. Chunki janoza namozini takroran o‘qish joriy etilmagan” (Hoshiyatut Tahtoviy). Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar