Kamqonligigim sababli ko‘zim tinib, boshim aylanadi. Doktor Kagor ichimligini tavsiya kildi. Qanchadir miqdorda spirti ham bor ekan. Shu ichimlikni sog‘ligim uchun ichib tursam bo‘ladimi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Aslida "Kagor" deb Frantsiyaning Kagor shahrida yetishtirilgan qizil rangli uzum navlariga aytilgan. Keyinchalik ushbu uzum navidan tayyorlangan vino turiga ham shu nom berilgan. Siz so‘ragan o‘sha "dori" ham shariatda harom qilingan vinoning bir turidir. Chunki u mast qiluvchi va bo‘shashtiruvchi ichimliklardan sanaladi. Alloh taolo “Moida” surasida shunday degan:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُواْ إِنَّمَا الْخَمْرُ وَالْمَيْسِرُ وَالأَنصَابُ وَالأَزْلاَمُ رِجْسٌ مِّنْ عَمَلِ الشَّيْطَانِ فَاجْتَنِبُوهُ لَعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ
"Ey iymon keltirganlar! Albatta, xamr, qimor, butlar va (fol ochar) cho‘plar iflos(ishlardan)dir. Shaytonning ishidir. Bas, undan chetda bo‘ling. Shoyadki, zafar topsangiz" (90-oyat).
Shuning uchun Siz kamqonlikka qarshi shariatimizda halol bo‘lgan boshqa dori turini iste’mol qilishingiz ayni muddao bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.