ARAFA KUNI JUMA KUNIGA TO‘G‘RI KELSA, UNDA RO‘ZA TUTISH MUMKINMI?

ID: 264

04.04.2025

86

Savol:

Bu yil Arafa juma kuniga to‘g‘ri kelmoqda. Ushbu kunda ro‘za tutsak bo‘ladimi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Imom Abu Hanifa va Imom Muhammad rahimahumallohga ko‘ra, juma kuni ro‘za tutish makruh emas. Sahobalardan Ibn Abbos raziyallohu anhumoning juma kuni yolg‘iz o‘zida ro‘za tutishni odat qilganlari bunga dalil bo‘ladi.

Shuning uchun ham ko‘pchilik hanafiy ulamolarimiz juma kuni ro‘za tutishni mustahab sanashgan. Bu haqda Alloma Ibn Nujaym rahimahulloh shunday deydilar:

وَمِنْهُ صَوْمُ يَوْمِ السَّبْتِ بِانْفِرَادٍ لِلتَّشَبُّهِ بِالْيَهُودِ بِخِلَافِ صَوْمِ يَوْمِ الْجُمُعَةِ فَإِنَّ صَوْمَهُ بِانْفِرَادِهِ مُسْتَحَبٌّ عِنْدَ الْعَامَّةِ كَالِاثْنَيْنِ وَالْخَمِيسِ وَكَرِهَ الْكُلَّ بَعْضُهُمْ

“Shanba kuni yolg‘iz o‘zida ro‘za tutishda yahudiylarga o‘zini o‘xshatish bo‘lgani uchun makruhdir. Lekin Juma kuni yolg‘iz o‘zida ro‘za tutish makruh emas. Chunki juma kuni ro‘za tutish ko‘pchilik ulamolarimizga ko‘ra xuddi dushanba va payshanba kuni kabi mustahab sanalgan. Ba’zi ulamolar har ikkisini ham makruh degan” (“Bahrur roiq” kitobi).

Imom Abu Yusuf rahmahulloh va ayrim mutaaxxir (keyingi) ulamolarimiz juma kuni yolg‘iz ro‘za tutishdan qaytarilgan hadislarni inobatga olib, ushbu kunni yolg‘iz o‘zida ro‘za tutish makruh, deganlar.

Lekin ushbu muhtaram ulamolarimizga ko‘ra ham har oyning avvalida, o‘rtasida yoki oxirida ro‘za tutishni, nafl ro‘zalarni tutishni o‘ziga odat qilib olgan odam o‘sha kunlar juma kuniga to‘g‘ri kelib qolsa, makruh bo‘lmaydi. Chunki ular dalil qilgan hadisi sharifning matnida ushbu istisno keltirib o‘tilgan. Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

"لا تخصوا ليلة الجمعة بقيام من بين الليالي ولا تخصوا يوم الجمعة بصيام من بين الأيام إلا أن يكون في صوم يصومه أحدكم" رواه مسلم

“Juma kechasini boshqa kechalar orasidan tungi ibodatga xoslab olmanglar. Juma kunini boshqa kunlar orasidan ro‘za tutish uchun xoslab olmanglar. Lekin birortangizning (doim) tutib yurgan ro‘zasi bo‘lsa, mustasno”.

Hanafiy ulamolarimizda Alloma Badriddin Ayniy rahimahulloh shunday deydilar:  “Hadisdagi “Lekin birortangizning doim tutib yurgan ro‘zasi bo‘lsa, bundan mustasno” deya istisno qilinganidan juma kunidan avval yoki keyin qo‘shib ro‘za tutgan bo‘lsa yoki oydin kechalarda tutib yurgan kunlari muvofiq kelib qolsa yoxud Arafa kunining ro‘zasi kabi muayyan kunning ro‘zasi jumaga to‘g‘ri kelib qolsa, uning yolg‘iz o‘zini ro‘zasini tutish joiz ekani kelib chiqadi” (“Umdatul qoriy” kitobi, 17-juz, 109-bet).

Xulosa shuki, Arafa kuni ro‘zasi juma kuniga to‘g‘ri kelib qolsa ham, uning yolg‘iz o‘zida ro‘za tutish mustahab bo‘ladi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar