“Abobil” degan qush bor ekan. U juma kuni uchmas ekan, chunki muqaddas Makkani qo‘riqlagani uchib ketarkan. Bir tanishim do‘stlari bilan shu mavzuda bahslashibdi. Do‘stlar u qushning faqat payshanba kuni uchmasligini aytishibdi. Haqiqatan ham shunday – juma kuni uchmaydigan qush bormi, u rostdan ham Makkani qo‘riqlaydimi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Do‘stlaringiz yo‘q narsalar haqida bahs qilib, vaqtini behudaga sarf qilishibdi. O‘shanday qush bo‘lgan taqdirda ham, inson uni qachon uchib, qachon qo‘nishini bilgani uchun savob va’da qilingan emas.
Abobil so‘zining ma’nosida to‘p-to‘p, to‘da, gala degan ma’noni anglatadi. Payg‘ambarimiz tug‘ilishlaridan 50 kunlar avval Ka’bani buzish maqsadida Abraha qo‘shin tortib keladi. Alloh taolo O‘z baytini himoyasi uchun to‘p-to‘p qushlarni yuboradi va ular oyoq va tumshuqlarida tosh olib kelib, dushman qo‘shini ustiga tashlaydi. Alloh taolo Fil surasining uchinchi oyatida “Faarsala alayhim toyron abaabiyl” degan. Ma’nosi: “Ular ustiga gala-gala qushlarni yubordi”. Toyr so‘zining ma’nosi qush, abaabil so‘zining ma’nosi yuqorida aytilgandek to‘p-to‘p, gala-gala degan ma’noda.
“Fokihatul bo‘ston” kitobida shunday deyilgan:
قال في القاموس : أبابيل : أي فرق، وهو جمع لا واحد له، القطعة من الطير والخيل والإبل.
“Qomusda: Abobil so‘zi to‘p, jamoa degan ma’noni anglatadi. Bu so‘z ko‘plik shaklida bo‘lib, uning birlik shakli yo‘q. U qushlar, otlar yoki tuyalarning bir to‘dasi, jamoasiga aytiladi”, deyilgan.
Ibn Hishom yozadi: “Abobil” so‘zi guruh-guruh, deganidir. Arablar bu so‘zni birlik shaklida ishlatganlarini ko‘rmadik» (“Siyratun-Nabaviyya” kitobi).
Ka’bani himoya qilgan qushlar haqida tafsir kitoblarimizda turli so‘zlar bor. Oisha onamiz raziyallohu anho ularni qaldirg‘ochlarga o‘xshatganlar. Mufassir Qatoda rahimahulloh ular dengiz tomondan uchib kelgan to‘da-to‘da qora qushlar bo‘lganini aytganlar. Ba’zilar qizil va qora ko‘rshapalaklarga o‘xshatgan. Boshqalari u qushlarni Alloh taolo o‘sha vaqtning o‘zida havoda yaratganini aytganlar. Ba’zi tafsirlarda umuman hozirgi qushlarda uchramaydigan ko‘rinishlar tasvirlangan. Ularni hozirgacha saqlanib qolgani haqida ma’lumot uchramaydi.
Demak, bugungi kunda Abobil nomli qush borligi, ularning juma yoki payshanba kuni uchishi, Makkani qo‘riqlashi haqidagi gaplar asossizdir. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.