O‘qituvchilar bolalarni o‘qitish bilan birga ularga tarbiya ham beradimi? "Men o‘qitib qo‘ydim bo‘ldi, ota-onasi tarbiyalasin" deyishi to‘g‘rimi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Bir bola unib-o‘sib, kelajakda jamiyatga kerakli, komil inson bo‘lib yetishishida ko‘pchilikning mehnati zarur bo‘ladi. Oilada ota-ona bo‘lsa, maktabda o‘qituvchilardir. Ular bir-birlariga yordamchi bo‘lishlari, hamkorlik qilishlari juda muhim. Tarbiya masalasida ota-ona o‘qituvchilarga, o‘qituvchilar ota-onaga tashlab mas’uliyatsizlik qilishi juda katta xatodir. Buni quyidagi hadis misolida ko‘rishimiz mumkin:
وَعَنِ ابْنِ عُمَرَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا قَالَ: سَمِعْتُ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ: «كُلُّكُمْ رَاعٍ، وَكُلُّكُمْ مَسْؤُولٌ عَنْ رَعِيَّتِهِ: الإِمَامُ رَاعٍ وَمَسْؤُولٌ عَنْ رَعِيَّتِهِ، وَالرَّجُلُ رَاعٍ فِي أَهْلِهِ وَمَسْؤُولٌ عَنْ رَعِيَّتِهِ، وَالْمَرْأَةُ رَاعِيَةٌ فِي بَيْتِ زَوجِهَا وَمَسْؤُولَةًّ عَنْ رَعِيَّتِهَا، وَالخَادِمُ رَاعٍ فِي مَالِ سَيِّدِهِ وَمَسْؤُولٌ عَنْ رَعِيَّتِهِ، وَكُلُّكُمْ رَاعٍ وَمَسْؤُولٌ عَنْ رَعِيَّتِهِ». مُتَّفَقٌ عَلَيهِ
Ibn Umar raziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning: “Har biringiz mutasaddidir va har biringiz qo‘l ostidagilari uchun mas’uldir. Imom mutasaddidir va qo‘l ostidagilari uchun mas’uldir. Erkak o‘z oilasida mutasaddidir va qo‘l ostidagilari uchun mas’uldir. Ayol erining uyida mutasaddidir va qo‘l ostidagilari uchun mas’uldir. Xodim o‘z xojasining mol-mulkida mutasaddidir va qo‘l ostidagilari uchun mas’uldir”. Har biringiz mutasaddidir va har biringiz qo‘l ostidagilari uchun mas’uldir”, deyayotganlarini eshitdim” Muttafaququn alayh.
Bu hadisdan olinadigan foyda: Har bir shaxsning jamiyat oldidagi mas’uliyati, har bir erkakning ahli huzuridagi mas’uliyati, har bir ayolning eri xonadonidagi mas’uliyati va barcha insonlarni boshqa kishilar oldidagi mas’uliyati tushuniladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.