Otamda keksalik tufayli siydik kelib turadi. Umraga borganda tavofni qanday qilsa bo‘ladi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Fihqiy manbalarda tavof qilishda tahoratli bo‘lish tavofning vojiblaridan biri deyilgan:
وَاجِبَاتُ الطَّوَافِ سَبْعَةٌ الْأَوَّلُ الطَّهَارَةُ عَنْ الْحَدَثِ الْأَكْبَرِ وَالْأَصْغَرِ
Tavofning vojiblari yettita: Birinchisi katta (junub, hayz va nifos) va kichik betahoratlikdan pok bo‘lishdir. (Lubobul manosik).
Agar otangiz sohibi uzr bo‘lsa, har namoz vaqti uchun tahorat oladi. Namoz vaqti tugaganda tahorati singan hisoblanadi. Tavof jarayonida ham shunga rioya qiladi. Bitta farz namozi vaqtida tavofni boshlagan bo‘lib, shu namoz vaqti chiqqanda tahorati singan hisoblanadi va qayta tahorat olib, tavofini davom ettiradi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.