Singlimning o‘g‘lini bir martami ikki martami emizganman, singlimni qiziyam bor ikkisini orasi 3 yosh lekin uni emizmaganman. Aytingchi, ular katta bo‘lgach men uni o‘z o‘g‘limga olib bersam bo‘ladimi, hukmi qanday?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Ha, singlingizning qizini o‘g‘illaringizdan biriga kelin qilishingiz joiz.
Masalan, Zaynab ismli ayol Gulsumning o‘g‘li Ahmadni emizgan. Gulsumning Nafisa ismli qizi ham bor. Nafisani Zaynab o‘g‘li Mahmudga kelin qilishi joiz. Chunki Zaynab Ahmadga sut ona bo‘ldi. Lekin Ahmadning aka-uka va opa-singillariga sut ona bo‘lmaydi. Ular Zaynab va uning bolalariga begonaligicha qoladi. Shuning uchun ularni kelin qilish joiz. Bu mavzuda Imom Quduriy rahimahulloh shunday deydilar:
ويجوز أن يتزوج الرجل بأخت أخيه من الرضاع، كما يجوز أن يتزوج بأخت أخيه من النسب
“Kishi emikdosh birodarining singlisiga uylanishi joiz. Xuddi nasabdan bo‘lgan birodarining opasiga uylanishi joiz bo‘lgani kabi” (“Muxtasarul Quduriy”).
Matnning ma’nosi – bir bola begona ayolni ikki yarim yoshgacha aqalli bir marta emgan bo‘lsa, o‘sha oilaning hamma bolalari unga emikdosh bo‘ladi. Lekin o‘zga oiladan kelib emgan bolaning aka-uka va opa-singillari bo‘lsa, ular sut bergan ayolning farzandlariga emikdosh bo‘lmaydi va ular o‘rtasida nikoh durust bo‘ladi.
Nasabda ham bu holatni kuzatish mumkin. Masalan, bir kishining birinchi xotinidan Bakr degan o‘g‘li bor edi, u Xadicha ismli qizi bor boshqa ayolga uylandi. Ulardan yana bitta Zayd degan o‘g‘il dunyoga keldi. Zayd Bakrga ota bir, ona boshqa uka bo‘ladi. Ayolning ergashib kelgan qizi-Xadicha esa tug‘ilgan bola-Zaydning ona bir, ota boshqa opasi bo‘ladi. Mana shu ko‘rinishda Bakr o‘zining nasabdagi (ya’ni ota bir) ukasi Zaydning opasi Xadichaga uylanishi joizdir. Chunki Bakr va Xadichaning o‘rtasida hech qanday nasab aloqasi yo‘q. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.