VITRDAN KEYIN NAFL NAMOZ O‘QISHIM TO‘G‘RIMI?

ID: 427

04.04.2025

155

Savol:

Vitr namozidan keyin 2 rakat nafl namozini o‘qiyman. Shu to‘g‘rimi yoki shukur namozi qilib o‘qiymi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Vitr namozini o‘qigandan keyin mutlaqo nafl namoz o‘qish mumkin emas, degan gap yo‘q, lekin vitr bir kecha-kunduzning oxirgi namozi bo‘lishi mustahabdir.

Bu haqida Imom Quduriy rahimahulloh shunday deydilar: “Tahajjud namozini o‘qishga odatlangan kishi vitrni tunning oxirgi qismiga kechiktirishi mustahabdir. O‘yg‘onishiga ishonchi komil bo‘lmasa, uyqudan avval vitr o‘qiydi” (“Muxtasarul Quduriy” kitobi).   Mana shu matnni sharhlab Shayx Abdulg‘ani al-Maydoniy rahimahulloh aytadilar: “Yuqoridagi kabi ish tutishi o‘sha kuni oxirgi namozi vitr bo‘lishi uchundir. Payg‘ambarimiz alayhissalom aytadilar: “Kim kechaning oxirida tura olmaslikdan xavotir qilsa, kechaning avvalida vitr o‘qisin. Kim kechaning oxirida turishdan umid qilsa, kechaning oxirida vitr o‘qisin. Chunki kechaning oxiridagi namozga (qabuliga) guvohlik berilgan, bunday qilishi afzaldir”. Imom Muslim rivoyati” (“Al-Lubob” kitobi).

Demak, siz ham nafl namozlarni vitrdan avval o‘qib olishingiz mustahab va afzal bo‘ladi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar