Meni bir holam bor u ko‘p yildan buyon kasal. Uni har xil joylarda davolatdik. Ammo muolajalar samara bermadi. Keyin holam folbinni oldiga borgan edi, holam folbindan fotiha olib, u ham folbin bo‘lishi kerakligini aytibdi. Ammo holam Allohdan qo‘rqib buni rad qildi. Savolim shuki, holam sog‘ligi uchun folbindan fotiha olsa bo‘ladimi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Folbinlar firibgar va kazzob shaxslardir. Musulmon kishi ularning oldiga borishi, maslahatini olishi mutlaqo joiz emas. Folbinlikni qabul qilish esa, kishini Oxiratini kuydiruvchi amaldir. Payg‘ambarimiz alayhissalom: "Kimda-kim folbinga borsa va folbinning aytgan gaplariga ishonsa, demak u Muhammadga nozil qilingan narsaga kufr keltiribdi", — deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Sizning xolangiz, folbinning oldiga borganlariga tavba-tazarru qilsinlar va qaytib bunday ish qilmasinlar. Zero, har bir yaxshilik ham, yomonlik ham yolg‘iz Alloh taolodandir. Musulmon kishi bu sinovli dunyoda Alloh qaytargan ishlarni qilmasdan, faqat Alloh taoloning O‘zidan yordam so‘rashi, Islom shariati buyurganidek tibbiy muomalaja qilib, natijani Robbisidan umid qilishi darkor.
Shu bilan birga, ishonchli va ilmli kishilarga borib Qur’oni karimdan dam soldirish, Zam-zam suvidan ichib yurish, sadaqalar qilish ham kasallikdan forig‘ bo‘lishning yo‘llaridandir. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.