TASBEH ISHLATISHDA RIYOKORLIK

ID: 2990

02.10.2025

57

Savol:

Hozirgi kunda elektron tasbehlardan hamma foydalanadi. Mening bir o'qituvchim tasbehimni ko'rib "hamma o'zi uchun zikr qiladi, bunaqa hammaga ko'rsatib yurish kerakmas, odamlarni ko'zi uchun bo'lib qoladi" dedilar. Tasbeh olib yurish mumkinmasmi?

Javob:

Dinimizda har bir amal niyatga bog‘liqdir. Agar kimdir tasbehni boshqalar uni "taqvodor" deb maqtashi uchungina olib yursa, bu niyat bilan qilingan zikrdan foyda yo‘q. Bu haqda Alloma Abdulhay Laknaviy o‘zlarining “Ziynatul fikr fi subhatiz zikr” asarida shunday deganlar: «Agar tasbehni tutish riyoga (xo‘jako‘rsinlikka) olib kelsa, undan saqlanish lozimligiga shubha yo‘q. Shuningdek, riyoga sabab bo‘ladigan har qanday nafl amaldan tiyilish vojibdir va bu haqda bahsga o‘rin yo‘q. Asl muhokama, bu amal riyo shubhasidan xoli bo‘lgandagina o‘rinlidir».

Bu so‘zlardan ko‘rinadiki, asosiy muammo tasbehning o‘zida emas, balki uni ishlatishdagi niyatdadir. Agar niyat xolis Alloh uchun bo‘lsa, tasbeh zikr sanog‘ini aniq hisoblash va fikrni jamlash uchun xizmat qiladigan foydali vositadir. Elektron yoki oddiy tasbehdan foydalanib, yolg‘iz holatda ham, odamlar orasida ham riyodan saqlangan holda zikr qilish mumkin va bunda hech qanday monelik yo‘q. Demak, amalingiz faqat Alloh uchun bo‘lsa, uni boshqalar ko‘rishi sizga zarar yetkazmaydi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar