MASJIDI NABAVIY VA MASJIDUL HAROMDA SAF MASALASI

ID: 190

04.04.2025

18

Savol:

Masjidi Nabaviy va Masjidul Haromda namoz o‘qish jarayonida ba’zi odamlar imomdan oldinga o‘tib ketadilar. Shunday namoz o‘qisalar zarari yo‘qmi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Masjidi Nabaviydagi insonlarning safga beparvoligi dilni xira qiladi. Ko‘pincha imom Ravzai sharifda, Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning mehroblarida namoz o‘qiydi. Masjid xodimlari imom turgan qatorni bildirib turadigan plastik to‘siqlar qo‘yadilar. Ana shu to‘siqlardan oldinga o‘tib ketmaslik kerak. Biroq shoshilinchda ba’zilar buni farqiga bormay imomdan oldinga o‘tib ketadi. Namozda imomdan oldinga o‘tib ketish esa, namozni buzadi, iqtidosi durust bo‘lmaydi. Namozni qayta o‘qishi kerak bo‘ladi.

Biroq Masjidul Haromda namoz o‘qish boshqa masjidlardan biroz farqli bo‘ladi. Namozxon imomdan ko‘ra Ka’baga yaqinroq turgan bo‘lsa ham, imomdan boshqa tomonda turgan bo‘lsa, namozi durust bo‘laveradi. Lekin imom turgan tomonda imomdan oldinda tursa, namozi durust bo‘lmaydi. Biroq ko‘pincha imom orqaroqda turgan vaqtda u bilan Ka’baning orasi ochiq qoldiriladi. Shunda hech kimning namoziga putur yetmaydi.

"وإذا صلى الإمام في المسجد الحرام وتحلق الناس حول الكعبة وصلوا صلاة الإمام فمن كان منهم أقرب إلى الكعبة من الإمام جازت صلاته إذا لم يكن في جانب الإمام. كذا في الهداية".

“Imom Masjidi Haromda namoz o‘qib, odamlar Ka’ba atrofida halqa bo‘lib, imomga iqtido qildi. Muqtadiylar modomiki imom tomonida turmagan bo‘lsalar, Ka’baga imomdan ko‘ra yaqinroq bo‘lsalar ham namozlari durust bo‘ladi. “Hidoya”da shunday." (“Fatovo hindiya”).

"أما إذا كان أقرب إليها من الإمام في الجهة التي يصلي إليها الإمام، بأن كان متقدماً على الإمام بحذائه فيكون ظهره إلى وجه الإمام، أو كان على يمين الإمام أو يساره متقدماً عليه من تلك الجهة ويكون ظهره إلى الصف الذي مع الإمام ووجهه إلى الكعبة، فلا يصح اقتداؤه لأنه إذا كان متقدماً عليه لايكون تابعاً له 

“Muqtadiy Ka’baning imom namoz o‘qiyotgan tomonida namoz o‘qisa va imomdan ko‘ra Ka’baga yaqinroq turib imomning yuzi muqtadiyning orqasida bo‘lib qolsa yoki imom turgan tomonda, o‘ng va chapda turibdi-yu, lekin imomdan oldingi safda tursa, iqtidosi durust bo‘lmaydi. Chunki oldingi safda turgan muqtadiy imomga ergashgan hisoblanmaydi" (Raddul muhtor). Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar