Kishi o‘z birodarini onasidan so‘kishining hukmi qanday? Onadan so‘kkan kishiga qanday javob qaytarish kerak?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Shariatimizda so‘kinishning hukmi – haromdir. U ijtimoiy aloqalarning buzilishiga, insonlarning haqoratlanishiga olib keladigan badxulqlikdir. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘z hadislarida so‘kishni qattiq qoralaganlar.
Abdulloh ibn Mas’uddan rivoyat qilgan mashhur hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Musulmon kishini so‘kish fosiqlikdir. U bilan urushish esa kufrdir”, deganlar” (Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Nasaiy rivoyati).
Fosiqlik katta gunoh hisoblanadi. Shariat ko‘rsatgan chegaradan chiqib, gunoh ishlarni qiluvchilar fosiq hisoblanadi. Fisq dindan chiqishning boshlanishi bo‘lib, tavba qilmasdan, o‘sha gunohni davom ettirsa va uni halol sanasa dindan chiqadi. Shuning uchun ham hadisi sharifda so‘kish fisq, urush esa kufr deyilmoqda. Chunki fisq kufrga olib borganidek, so‘kish ham urushga olib boradi.
Birinchi bo‘lib boshqa shaxsni so‘kkan odamga ikkinchi tomon ham darrov o‘t olib, so‘kishni boshlab yuborishi kerak emas. Birinchi shaxs uni so‘kish bilan katta gunoh qildi. O‘zining beodob, pastkash ekanligini ko‘rsatdi. Endi ikkinchi kishi u bilan tenglashmasligi shart. Niyoz ibn Himor raziyallohu anhu quyidagilarni aytadilar: “Men Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga: “Ey, Rasululloh! Bir odam meni so‘ksa, u o‘zimdan past bo‘lsa, undan g‘olib keladigan bo‘lsam, menga biror narsa bo‘ladimi?” deb so‘radim. U zot: “Ikki so‘kishgan, obro‘yini to‘kayotgan va yolg‘on gapirayotgan kishilar ikki shaytondir” dedilar (Imom Ibn Hibbon rivoyat qilgan).
Demak, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Niyoz ibn Himor roziyallohu anhuga o‘zini so‘kkan odamga javob qaytarishga izn bermadilar. Agar shunday qilsa, ikki beodob shaytonning biri bo‘lib qolishini tushuntirdilar.
Abdulloh ibn Amr raziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Katta gunohlarning kattasi insonning o‘z ota-onasini la’natlamog‘idir”, dedilar. Shunda: “Ey, Allohning Rasuli! Qanday qilib odam o‘z ota-onasini la’natlaydi”, deb so‘raldi. U zot sollallohu alayhi vasallam: “Bir odam birovning otasini so‘ksa, u ham buning otasini so‘kadi, onasini so‘ksa, onasini so‘kadi”, dedilar (Imomi Buxoriy rivoyati).
Ko‘rib turibmizki, odamlarni so‘kish juda ham jirkanch va yomon holat ekan. Ota-onaga rahmat, izzat-obro‘ keltirishning o‘rniga o‘zining beodobligi ila la’nat, so‘kish keltirish naqadar badbaxtlik. Bu narsa doim har bir musulmonning yodida turishi lozim. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.