Ayol kishi “idda” saqlash vaqtida uydan chiqmasligi haqida o‘qib qoldim. Agar ayol oilaning yagona boquvchisi bo‘lsa, unda nima qilishi lozim? Bundan tashqari yoshi yetmishga yaqinlashgan ayollar ham “idda” saqlashi kerakmi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
“Idda” - “sanash” ma’nosidagi so‘zdir. Shariatimizda idda – taloq qilingan yoki eri vafot etgan ayol kenglik va yengillik va’da qilingan paytni kutib turadigan muddatdir.
Iddaning hikmati: birinchidan, eridan ajragan ayol homiladormi-yo‘qmi aniqlanadi, bu bilan nasl aralashib ketishi oldi olinadi. Ikkinchidan, o‘lgan erning hurmati bajo keltiriladi. Uchinchidan, er bilan birga o‘tkazilgan oila hayotining hurmatidan ham idda o‘tiriladi.
Eri o‘lgan har bir ayol umr yo‘ldoshi hurmati uchun to‘rt oy o‘n kun idda o‘tirishi vojib bo‘ladi.
Chunki Alloh taolo Qur’oni karimda shunday buyurgan: “Sizlardan vafot etib, xotinlarini qoldirgan bo‘lsalar, (beva xotinlari) to‘rt oyu o‘n kun o‘zlarini kuzatib (idda saqlab) o‘tiradilar” (Baqara surasi, 234-oyat).
Mo‘minlarning onasi Zaynab binti Jahsh roziyallohu anhodan rivoyat qilingan hadisda Nabiy alayhissalom «Allohga va oxirat kuniga iymoni bor ayolga o‘lgan kishi uchun uch kundan ortiq aza tutish halol emas. Magaram eriga to‘rt oyu o‘n kun aza tutadi», – deganlar.
Eri o‘lganidan keyin idda o‘tirayotgan ayol hojati tushsa, oziq-ovqati va tirikchiligini ta’minlashi uchun ko‘chaga chiqsa, bunga shariatda ruhsat berilgan. Faqat kechasi o‘z uyida tunashi shart hisoblanadi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.