Bemor odam o‘ziga o‘zi doim o‘lim tilashning hukmi qanday?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Dinimizda bemorlik, hayot mashaqqatlari, qarzdorlik yoki shunga o‘xshash holatlardan qiynalgan insonlar o‘zlariga o‘lim tilashlari joiz emas. Payg‘ambarimiz alayhissalom bu haqida shunday deganlar:
لا يَتَمَنَّى أَحَدُكُمْ الْمَوْتَ , وَلا يَدْعُ بِهِ مِنْ قَبْلِ أَنْ يَأْتِيَهُ ، إِنَّهُ إِذَا مَاتَ أَحَدُكُمْ انْقَطَعَ عَمَلُهُ ، وَإِنَّهُ لا يَزِيدُ الْمُؤْمِنَ عُمْرُهُ إِلا خَيْرًا (رواه الامام مسلم عن أَبي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه)
Ya’ni: "Sizlardan biringiz hargiz o‘limni orzu qilmasin. O‘lim kelmasdan burun uni o‘ziga chorlamasin. Qaysi biringiz vafot topsa, amallari to‘xtaydi. Mo‘minning umri (uzaygan sari) unga faqat yaxshilikni ziyoda qiladi" (Imom Muslim rivoyatlari).
Mo‘min kishi hech qachon yutqazmaydi. Yaxshilik kelsa, shukr qiladi, savob oladi. Yomonlik kelsa, sabr qiladi, savob oladi. Mo‘min-musulmon banda doim g‘olib bo‘ladi. Najot – umidvorlikdadir. Qur’oni karimda Alloh taolo shunday marhamat qilgan:
... قُلْ يَا عِبَادِيَ الَّذِينَ أَسْرَفُوا عَلَى أَنْفُسِهِمْ لَا تَقْنَطُوا مِنْ رَحْمَةِ اللَّهِ
"(Ey, Muhammad!) O‘z jonlariga (gunoh bilan) zulm qilgan bandalarimga ayting: «Allohning rahmatidan noumid bo‘lmangiz! ..." (Zumar surasi, 39-oyat).
Buyuk Rabbimiz shunday deb buyursayu, biz mo‘minlar noumid bo‘lsak, bu katta gunoh bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.